“Barselona” Rodri transferini 48 soat ichida yakunlashga harakat qilmoqda. Ispaniyaning Marca nashrining yozishicha, kataloniyaliklarning 30 yoshli yarim himoyachining 2026/27 yilgi mavsumda “blaugrana” libosida to'p surishiga ishonchi komil, ammo “Manchester Siti” bilan muzokaralar kutilganidan ko'proq vaqt olayapti.
“Barselona” va Rodri shaxsiy shartnoma bo'yicha bir necha kun oldin kelishib bo'lgan. Endi asosiy masala — ikki klub o'rtasidagi transfer summasini kelishish. Kataloniyaliklar avval “Siti”ga 50 mln yevro taklif qilgan, ammo ingliz klubi bu taklifni rad etgan. Manchesterliklar futbolchi uchun taxminan 70 mln yevro talab qilmoqda.
Ayni paytda tomonlar o'zaro talablarni yaqinlashtirish ustida ishlamoqda. “Barselona” transferni 60–65 mln yevro atrofida, ayrim bonuslar qo'shilgan holda yakunlashni rejalashtirgan. Manbaga ko'ra, klublar o'rtasida muloqot yaxshi kechmoqda va kelishuvga erishish uchun jiddiy to'siq yo'q. Biroq moliyaviy tafovut muzokaralarni sekinlashtirmoqda.
Kataloniyaliklar kelishuvni aynan shu haftada rasmiylashtirishga ishonmoqda. Biroq klub rahbariyati hozircha 48 soat ichida bitimga erishishni kafolatlay olmayapti. Bu esa Rodrining juma kuni “Manchester Siti” mashg'ulotlariga qo'shilib ketishi ehtimolini yuzaga keltirmoqda.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Enzo Mareska ham avvalroq Rodri juma kuni Manchesterda bo'lishini aytgan edi. Ispaniyalik futbolchi 2019 yildan buyon “Siti” sharafini himoya qilib kelmoqda va uning amaldagi shartnomasi tugashiga yana bir yil bor.
Shu bilan birga, “Barselona”da Rodrining “Siti” mashg'ulotlariga borishi transferni avtomatik ravishda barbod qilmaydi, degan umid bor. Agar klublar o'rtasidagi muzokaralar yaqin soatlarda jiddiy ilgarilasa, futbolchi jamoa bilan mashg'ulotga qo'shilmasligi ham mumkin. Buning uchun esa transfer jarayoni jadallashishi kerak.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi