Madridning «Real» klubi «Manchester Siti» futbolchilariga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirdi. Bunga ingliz klubining moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan. Bu haqda Sport.es xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Angliya Premyer-ligasidagi moliyaviy qoidalar bo‘yicha «Manchester Siti» 2009–2018 yillar oralig‘ida 115 ta banddan 114 tasini buzganlikda aybdor deb topilgani haqida ma’lumotlar tarqalgan. Agar klubga jiddiy sanksiyalar qo‘llansa, «Real» «shaharliklar»ning qator futbolchilarini o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.
Madrid klubining asosiy nishoni esa hujumchi Erling Holand bo‘lib qolmoqda. Biroq norvegiyalik futbolchining «Manchester Siti» bilan uzoq muddatli shartnomasi mavjud va unda tovon puli bandi yo‘q. Shu sababli uning transferi murakkab kechishi mumkin.
«Real» yarimhimoyachi Rayan Sherkiga ham qiziqish bildirgan. Madrid klubi futbolchi 2025 yil yozida «Manchester Siti»ga o‘tishidan oldin ham uning xizmatlariga qiziqqan. Biroq hozirda «Real»ning ushbu pozitsiyadagi tarkibi to‘laligi ehtimoliy transferga ta’sir qilishi mumkin.
Bundan tashqari, «Real» markaziy himoyachi Yoshko Gvardiolni ham kuzatmoqda. Uning «Manchester Siti» bilan shartnomasi 2031 yil yozigacha amal qiladi. Shuningdek, ingliz klubi o‘tgan yozda Enso Fernandes, Elliot Anderson va Ayub Buaddi kabi yarimhimoyachilarni tarkibiga qo‘shgan va ularning har biri ham Madrid klubi kuzatuvida.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi