«Real» braziliyalik hujumchi Endrikni yana ijara asosida boshqa klubga yuborish variantini istisno qilmayapti.
ESPN xabariga ko‘ra, bosh murabbiy Joze Mourinyo mavsumoldi yig‘ini davomida Endrik va Gonsalo Garsiyaning imkoniyatlarini baholab, ulardan qaysi biri vaqtincha boshqa jamoaga yo‘l olishi borasida qaror qabul qiladi.
Manbaga ko‘ra, Madrid klubi «Bavariya» vingeri Mixael Oliseni o‘z safiga qo‘shishni rejalashtirmoqda. Shu sabab hujum chizig‘ida joy bo‘shatish zarurati yuzaga kelishi mumkin.
Biroq Endrikning vakillari futbolchini yana ijaraga berish variantini qo‘llab-quvvatlamayapti. Ularning maqsadi — yosh hujumchining «Santyago Bernabeu»da qolib, asosiy tarkib uchun kurashishi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Joze Mourinyo «Real» hujumchisi Gonsalo Garsiyani jamoada olib qolish tarafdori ekani haqida xabarlar tarqalgandi. Endrik esa o‘tgan mavsumni Fransiyaning «Lion» klubida ijara asosida o‘tkazgan.