«Xorazm» jamoasining braziliyalik yangi hujumchisi Rafael Tavaresh asta-sekin o‘zini ko‘rsatishni boshladi. U Farg‘onada «Neftchi»ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda «Xorazm»ning kichik sensatsiya qayd etishiga sababchi bo‘ldi. Ushbu hujumchi chempion jamoa darvozasini ikki marta ishg‘ol qildi.
Umumiy hisobda esa jamoasining oxirgi ikkita o‘yinida 3 ta gol urdi. Tribuna.uz jurnalisti urganchliklar va chempionatimizda debyutini o‘tkazayotgan ushbu iqtidor egasi bilan suhbatlashdi.
- Rafael, sizni Braziliyadan O‘zbekistonga nima olib keldi? Taklifni qabul qilishdan oldin o‘zbek futboli haqida qanchalik ma’lumotga ega edingiz? Rostini aytganda, «Xorazm»ga o‘tish faoliyatingiz rejalarida bormidi yoki bu kutilmagan imkoniyat bo‘ldimi?
- O‘zbekiston milliy jamoasining so‘nggi FIFA Jahon chempionatida ishtirokidan ko‘p o‘tmay, «Xorazm»dan taklif olganimdan keyin klubda allaqachon o‘ynab kelayotgan braziliyalik do‘stlarim Rafael Sabino va Loan bilan bog‘landim. Ular menga liganing qanday tashkil etilgani haqida tushuntirib berishdi, klubning loyihalari va maqsadlari haqida gapirib berishdi. Bu esa menda yangi sarguzashtni boshlashga qiziqish uyg‘otdi. Mana, endi faoliyatimda ilk bor Osiyo futboli bilan tanishyapman.
- O‘zbekistonga kelganingizda Superliga haqidagi tasavvurlaringiz bilan maydonda duch kelgan voqelik o‘rtasida farq bo‘ldimi? Braziliya futboli bilan taqqoslaganda, ligamizning qaysi jihatlari sizda ko‘proq taassurot qoldirdi?
- Ilk taassurotim haqiqatan ham liganing saviyasi va o‘yinlar shiddatidan hayratlanish bo‘ldi. Uchrashuvlar juda raqobatbardosh tarzda kechadi, o‘yin sur’ati yuqori va xatoga deyarli o‘rin yo‘q.
- Siz avgust oyida «Xorazm»ga qo‘shildingiz va hozirgacha to‘rtta o‘yinda uchta gol urdingiz. Yangi mamlakat, yangi jamoa va yangi ligaga bunchalik tez moslashishingizning siri nimada? Bunday kuchli startni kutganmidingiz?
- Hammasi juda tez sodir bo‘ldi, ammo kelganimdan boshlab butun murabbiylar shtabi va jamoadoshlarim tomonidan katta qo‘llab-quvvatlashni his qildim. Albatta, klubda avvaldan o‘ynab kelayotgan braziliyalik futbolchilarning yordami moslashishimda yanada muhim rol o‘ynadi. Ularning ko‘magi tufayli jamoaga tez moslashdim va gollar urishga, jamoamning ijobiy natijalarga erishishi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga tayyor bo‘ldim.
- «Neftchi»ga qarshi o‘yin oldidan ko‘pchilik Farg‘ona jamoasining g‘alabasini kutgandi. Biroq siz ikkita gol urib, ularning bunday natijaga erishishiga to‘sqinlik qildingiz. Uchrashuvdan oldin «Neftchi»ning kuchli jihatlarini o‘rgandingizmi yoki o‘yin davomida raqib himoyasidagi zaif nuqtalarni aniqladingizmi?
- «Neftchi» juda kuchli va iqtidorli jamoa. Ayniqsa, jamoamiz ketma-ket bir nechta uchrashuvda salbiy natijalar qayd etganini hisobga olsak, tomoshabinlarning aksariyati chempionat peshqadamining oson g‘alaba qozonishini kutganini bilardik. Biroq tanaffus davrida juda qattiq mehnat qildik va Farg‘ona jamoasini hayratda qoldirish uchun taktik tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratdik. Shaxsan o‘zim tahlilchim bilan birgalikda raqibning himoyaviy o‘yinini o‘rgandim. Bu menga ular himoyasidagi zaif nuqtalarni aniqlash va ko‘proq golli vaziyatlar yaratish uchun maydonda to‘g‘ri joylashishga yordam berdi.
- «Neftchi»ga qarshi ikkita golingiz va so‘nggi uchrashuvlardagi o‘yiningiz muvaffaqiyatingiz tasodif emasligini ko‘rsatmoqda. Sizningcha, hujumchining gol urishida eng muhim omil qaysi: individual mahorat, jamoadoshlar bilan o‘zaro tushunish yoki murabbiyning sizga bo‘lgan ishonchi?
- Bu uch omilning barchasi juda muhim: murabbiylar shtabining menga bo‘lgan ishonchi, jamoadoshlarim bilan o‘zaro tushunish va nihoyat, vaziyatlar yaratish hamda ularni samarali tarzda golga aylantirishdagi individual mahoratim. Ushbu uch omil birlashganda, gol urish imkoniyatim ancha oshadi.
- So‘nggi ikki uchrashuvda uchta gol urdingiz. Hujumchilar ba’zan shunday davrni boshdan kechirishadiki, gol urish ular uchun odatiy holga aylanadi. Hozir o‘zingizni shunday davrda deb hisoblaysizmi? Darvoza oldida qachondan boshlab o‘zingizni ishonchliroq his qila boshladingiz?
- Albatta, maydonga tushgan har bir o‘yinimda gol urishni istayman, ammo ba’zan hammasi kutilganidek kechmaydi. Qiyinchiliklarga bardosh berish va muntazam ravishda astoydil mehnat qilish oxir-oqibat ijobiy natijalarga olib kelishiga qattiq ishonaman. Hozirgacha erishgan ko‘rsatkichlarimdan juda xursandman, biroq hali ham g‘alabalar va jamoam bilan birgalikdagi muvaffaqiyatlarga chanqoqman.
- «Xorazm»ga qo‘shilganingizdan keyin klub va uning muxlislari haqidagi fikringiz o‘zgardimi? Jamoa turnir jadvalidagi hozirgi o‘rnidan ko‘ra yaxshiroq natijalarga erishish salohiyatiga ega deb hisoblaysizmi?
- Shubhasiz. Jamoamizning salohiyati juda yuqori. Qattiq mehnat va puxta tayyorgarlik orqali chempionatning hal qiluvchi qismida yaxshiroq natijalarga erisha olishimizga ishonamiz. Turnir jadvalida yuqoriroq ko‘tarilish va yaxshiroq o‘rinni egallash uchun bir oiladek birlashib kurashamiz.
- Braziliyalik futbolchilar ko‘pincha texnikasi, tezligi va individual mahorati bilan ajralib turadi. Sizni boshqa hujumchilardan farqlab turadigan asosiy xususiyatlar nimalar, deb o‘ylaysiz? Muxlislar sizdan qanday o‘yin uslubini kutishlari mumkin?
- Men ijodkor futbolchiman. Har bir uchrashuvdan xuddi bola istirohat bog‘ida zavqlanayotgandek rohatlanishga harakat qilaman. Maydonda o‘yindan zavq olishni yaxshi ko‘raman, shu bilan birga, o‘z vazifamga mas’uliyat bilan yondashaman va diqqatimni jamlayman. Bundan tashqari, menda kuchli kurashchanlik ruhi bor va hech qachon taslim bo‘lmayman.
- O‘zbekistondagi hayotga qanchalik moslashyapsiz? Til, taomlar, madaniyat va futboldan tashqari kundalik hayot borasida siz uchun eng qiyin yoki eng yoqimli jihat nima bo‘ldi? Braziliyadan eng ko‘p nimani sog‘inyapsiz?
- O‘zbekistonga juda yaxshi moslashyapman. Oilam ham men bilan birga, bu yangi madaniyatni men bilan birgalikda o‘rganmoqda. Men ham mamlakatingiz va uning madaniyati haqida tobora ko‘proq bilishga harakat qilyapman. Hozirgacha barcha taassurotlarim ijobiy va ishlar qanday ketayotganidan juda xursandman.
- Shartnomangiz yil oxirigacha amal qiladi. Demak, mavsum yakunida kelajagingiz borasida muhim qaror qabul qilishingiz kerak bo‘ladi. «Xorazm»da qolish yoki O‘zbekistonning boshqa klubidan tushgan taklifni qabul qilish variantini ko‘rib chiqasizmi? Qaroringizga qaysi omillar eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadi?
- Hozirgi paytda butun e’tiborimni yaxshi o‘ynashga, jamoamga yordam berishga va jamoadoshlarim bilan birgalikda ijobiy natijalarga erishishga qaratganman. Mavsum yakunida oilam bilan o‘tirib, keyingi qadamlarimiz haqida maslahatlashamiz. Biroq «Xorazm»da qolish muddatini uzaytirishga, albatta, ochiqman. Chunki aynan shu klub menga o‘zbek futboli eshiklarini ochdi va Osiyo qit’asida to‘p surish imkoniyatini berdi.
- Faoliyatingizdagi asosiy maqsadingiz nima? O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli o‘yinlaringizdan kuchliroq ligaga o‘tish uchun pog‘ona sifatida foydalanmoqchimisiz yoki faoliyatingizning hozirgi bosqichida barqarorlik va jamoa bilan birgalikda muvaffaqiyatga erishish siz uchun ustuvormi?
- Men juda katta ambitsiyalarga ega futbolchiman. Qayerda o‘ynamay, tarix yaratishni, sovrinlar uchun kurashishni, gollar urishni va futboldan to‘liq zavq olishni istayman. Har bir lahzani bor vujudim bilan yashayman va to‘p surgan har bir joyimda o‘z izimni qoldirishga harakat qilaman.
- Yakunda muxlislar «Xorazm»ning mavsum qolgan uchrashuvlarida sizdan nimalarni kutishlari mumkin? Mavsum yakuniga qadar urishni maqsad qilgan gollaringiz soni bo‘yicha aniq rejangiz bormi? Muxlislarga qanday va’da bermoqchisiz?
- Muxlislar oxirigacha kurashadigan va har doim jamoa manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan futbolchini ko‘rishlari mumkin. Shaxsiy maqsadlarim — gollar urish va jamoadoshlarim bilan birgalikda g‘alabalar qozonish. Oxir-oqibat ana shu jamoaviy sa’y-harakatlarimiz turnir jadvalida yuqoriroq ko‘tarilishimizga va chempionatdagi o‘rnimizni yanada mustahkamlashimizga yordam beradi.
Rafael Tavaresh: «Ilk taassurotim Superliganing o‘yinlari va shiddatidan hayratlanish bo‘ldi»
Eksklyuziv
11 oktabr, 03:44
Tribuna.uz jurnalisti braziliyalik futbolchi bilan suhbatlashdi.
Фото: Хоразм ПФК