Madridning «Real» klubi yarimhimoyachisi Orelen Chuameni braziliyalik jamoadoshi Vinisius Juniorning La Liga 8-turi doirasida (1:0) «Vilyarreal» bilan bahsning 73-daqiqasida chetlatilgani haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Eslatib o‘tamiz, braziliyalik vinger raqib darvozasini ishg‘ol qilishdan sal avval, mehmonlar yarimhimoyachisi Natan-Dilan Salibani sochidan ushlab qolgan. Bosh hakam ushbu epizodni VAR orqali takroran ko‘rib, golni bekor qildi va Vinisiusga qizil kartochka ko‘rsatdi.
«Hakamlarga nima bo‘layotganini tushuna olmayapman. Ular nima sababdan bu qizilni ko‘rsatganini tushunmadim.
G‘alabadan xursandman, chunki biz yaxshi bilamiz, «Vilyarreal» — ajoyib jamoa. Shubhasiz, biz o‘yinimizni yanada kuchaytira olishimizni bilamiz, ammo milliy jamoalar o‘yinlari uchun bo‘lgan uch haftalik tanaffusdan keyin buni tezda amalga oshirish mushkul vazifa. Eng muhimi — g‘alaba», - dedi Chuameni «qaymoqranglilar» televideniyesiga bergan intervyusida.