«Inter» va «Roma» klublarining sobiq bosh murabbiyi Joze Mourinio «Inter»ning ushbu mavsumda trebl qayd etish imkoniyatlari haqida gapirdi. Shuningdek, portugaliyalik mutaxassis Rim klubi rahbarlari va Franchesko Tottining jamoadagi kelajagi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Inter» bu yil trebl qayd etishga qodir. Tabiiyki, ularning bunga erisha olmasligini istayman, ammo jamoada bunday muvaffaqiyatga erishish uchun mutlaqo barcha imkoniyatlar mavjud», — dedi Mourinio Corriere dello Sport nashriga bergan intervyusida.
Mutaxassis «Roma»ning amerikalik egalari Den va Rayan Fridkinlar bilan munosabatlari haqida ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, agar Rimda Fridkinlar oilasini uchratib qolsa, ular bilan hech qanday muammosiz salomlashadi. Mourinio hech kimga nisbatan kek saqlay olmasligini aytdi.
Shu bilan birga, portugaliyalik mutaxassis «Roma» afsonasi Franchesko Totti hanuz klub manfaatlari yo‘lida faoliyat yuritmayotganini tushunmasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Mourinio boshchiligida «Inter» 2009/10 yilgi mavsumda trebl qayd etgan. Milanliklar Chempionlar ligasi, Italiya chempionati va Italiya kubogida g‘alaba qozongan.
Ma’lumot uchun, portugaliyalik mutaxassis 2024 yil yanvarida «Roma» bosh murabbiyligidan ketgan. Uning iste’fosi klubning amerikalik egalari Den va Rayan Fridkinlar qaroridan keyin amalga oshirilgan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi