«Inter» yarimhimoyachisi Genrix Mxitaryan faoliyatini Saudiya Arabistoni, Armaniston yoki MLSda davom ettirishni ko‘rib chiqmayotganini ma’lum qildi. 37 yoshli futbolchi bu haqda Armaniston televideniyesiga bergan intervyusida gapirdi.
«Men bunday imkoniyatni istisno qilaman, chunki pul men uchun hech qachon asosiy maqsad bo‘lmagan. Men hech qachon pul uchun futbol o‘ynamaganman. Klublarni almashtirganimda ham o‘z ambitsiyalarim, maqsadlarim va bolaligimdan paydo bo‘lgan orzularimga intilganman. Bu orzular butun faoliyatim davomida menga hamroh bo‘ldi», — dedi Mxitaryan.
Armanistonlik futbolchi faoliyati davomida turli Yevropa klublarida o‘ynagan va hozirda Italiyaning «Inter» jamoasi sharafini himoya qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Mxitaryanning «Inter» bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozida yakunlanadi. U ushbu mavsumda ikki o‘yinda maydonga tushib, bitta sariq kartochka olgan.