Live
13
O'zbek

«Barselona» prezidenti: «Real» futbolga zarar yetkazmoqda va obro‘sini yo‘qotmoqda»

Futbol
10 oktabr, 08:15
    50
Joan Laporta Madrid klubini o‘z manfaatlarini ko‘zlab, «Barselona» imijiga putur yetkazishga urinishda aybladi.
«Barselona» prezidenti: «Real» futbolga zarar yetkazmoqda va obro‘sini yo‘qotmoqda»
Foto: Getty Images

«Barselona» prezidenti Joan Laporta Madridning «Real» klubi tomonidan Xose Negreyra ishi yuzasidan bildirilgan ayblovlarga munosabat bildirdi. Avvalroq «Real» ushbu ish bo‘yicha dalillar va guvohliklarni o‘z ichiga olgan, qariyb 50 ming sahifalik hujjatlar to‘plamini UEFAga taqdim etgani xabar qilingandi.

«Negreyra ishi haqida gapiradigan bo‘lsak, bizni sud boshlanmasidan oldin aybdor deb topishga urinishganini takrorlashdan charchamayman. Biroq bizni ayblash uchun asos yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. «Barselona»ning oqlanishiga to‘liq ishonaman. Bu masalani tinimsiz ko‘tarayotganlar klubimizga zarar yetkazish va uning obro‘siga putur yetkazishga urinmoqda. Hukm chiqarilganidan keyin bu haqda gaplashish uchun vaqt bo‘ladi. Ular faqat «Barselona»ni obro‘sizlantirish maqsadida bu mavzudagi bahslarni davom ettirish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda», — dedi Laporta.

Shuningdek, «Barselona» rahbari «Real»ning boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarini ham tanqid qildi. Uning fikricha, Madrid klubi futbol rivojiga to‘sqinlik qilmoqda va turli tashabbuslarga qarshi chiqmoqda.

«Real» buni futbolga zarar yetkazish uchun qilmoqda. Ular hamma narsaga qarshi chiqadi. UEFA yoki liga bilan hamkorlik qilmoqchi bo‘lishing mumkin, ammo ular baribir barcha tashabbuslarga qarshi turadi. Bu milliy va xalqaro miqyosda obro‘si, e’tirofi hamda nufuzini yo‘qotayotgan klub haqida ko‘p narsani anglatadi.

Bunga misol sifatida EFC kongressida qatnashganimni keltirishim mumkin.«Real» esa u yerda hatto o‘z vakiliga ham ega emas edi. Ular o‘zlarini juda takabbur va hukmron tutadi. Nima qilayotganlarini yaxshi bilishadi, biroq bu ularga bo‘lgan ishonchning keskin pasayishiga olib kelmoqda.

Superliga masalasida ham xuddi shunday bo‘ldi: oxir-oqibat ular boshqalar bilan bir safda qoladi, ammo shu jarayonda qolganlarga to‘sqinlik qilishdan to‘xtamaydi. Menimcha, bu borada o‘z faoliyatlarini tanqidiy baholashlari kerak, chunki bunday xatti-harakatlar munosib emas», — deya Laportaning so‘zlarini Sport.es nashri keltirmoqda.

Ma’lumot uchun, Negreyra ishi «Barselona»ning Ispaniya hakamlar qo‘mitasining sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyra bilan bog‘liq to‘lovlari yuzasidan olib borilayotgan tergov bilan bog‘liq. «Real» ushbu ish bo‘yicha hujjatlarni UEFAga taqdim etgani xabar qilingan.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Real Madrid Real Madrid
  • Barselona Barselona
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

50 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar