Bu yilning 10-fevral kuni TerDU klubi Proliga ishtirokchilari safiga qo‘shilgandi. Klub musobaqaning birinchi davrasini reglament talablari asosida o‘tkazgan bo‘lsa-da, ikkinchi davraga kelib unda muammolar boshlandi.
Proliganing 21-turi doirasidagi «Orol»ga qarshi uchrashuvga TerDU moliyaviy holatning barqaror emasligidan kelib chiqib, bora olmadi. Avvalroq O‘FA tegishli qo‘mitasi klub uchun transfer oynasi yopilgani bo‘yicha o‘z qarorini taqdim etgandi.
Qayd etish kerak, klub Proligadagi uy uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha «Surxon» bilan shartnoma imzolagan bo‘lib, unga ko‘ra «Surxon Arena»ning barcha sharoitlari mavjud bo‘lgan ikkinchi maydonidan foydalanish ko‘zda tutilgandi. Biroq «Surxon»da yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar oqibatida «Surxon Arena»ning har ikki maydoni professional futbol uchrashuvlarini qabul qila olmaydigan darajaga keldi. Keyinchalik «Surxon» Toshkent va uning atrofida joylashgan stadionlardan foydalanishni boshlagan bo‘lsa, TerDU mazkur masalani hal qilishda muammolarga duch keldi va asosan raqiblari bilan kelishgan holda, ular to‘p tepayotgan arenalarga tashrif buyurdi.
12-oktabr kuni TerDU o‘z maydonida Proliganing 22-turi doirasida Respublika FA jamoasini qabul qilishi belgilangandi. Proliga reglamentining 14.8-bandiga zid ravishda TerDU mazkur uchrashuvni qaysi arenada qabul qilishi masalasiga oydinlik kiritmadi. O‘z-o‘zidan Respublika FA safar chiptalarini xarid qilish, tegishli hududdan mehmonxona band qilish va o‘z rejalarini shunga moslashtirishda qiyinchilikka duch keldi. Qolaversa, TerDU avvalgidek raqibi bilan o‘zaro uchrashuvni Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha ham kelisha olmadi.
Shundan kelib chiqib, Liga 22-tur doirasidagi TerDU — Respublika FA uchrashuvini o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlarni to‘liq to‘xtatdi hamda mezbon klubga texnik mag‘lubiyat yozish bo‘yicha qaror qabul qildi. Endi Proliga reglamentining 9.10-bandi asosida TerDU klubini Proliga ishtirokchilari safidan chiqarish masalasi Liga Ijroiya qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Liga Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulovga jarlik yoqasiga kelib qolgan sobiq «Qiziriq» klubini saqlab qolish, uning TerDU nomi bilan musobaqalardagi ishtiroki uchun sharoit yaratish kabi masalalarda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildiradi. O‘tgan vaqt davomida Liga klub bilan bog‘liq bir qator o‘rganishlar olib borgan bo‘lib, bu haqda keyinroq batafsil ma’lumot berishga harakat qiladi.