Bugun
75
O'zbek

Islom Ahmadov: «Bu — bizning futbolimiz. Hech kim Kannavaroga xalaqit bermasligi kerak»

Eksklyuziv
11 oktabr, 03:36
    3
Tribuna.uz jurnalisti Ahmadov bilan suhbat uyushtirdi.
Islom Ahmadov: «Bu — bizning futbolimiz. Hech kim Kannavaroga xalaqit bermasligi kerak»
Фото: Tribuna.uz

O‘zbekiston futboli yangi bosqich ostonasida. Milliy jamoaning tarixda ilk bor jahon chempionatiga chiqishi mamlakat futbolidagi katta natija bo‘lishi bilan birga, endi oldimizda turgan yanada muhim savolni ham kun tartibiga olib chiqdi: biz bu muvaffaqiyatni qanday tizimga aylantiramiz?

Milliy jamoa qanday futbol o‘ynashi kerak? Fabio Kannavaro O‘zbekiston futboliga faqat natija emas, yana nimalarni olib kelishi mumkin? Nega mahalliy murabbiylarga ko‘proq ishonish vaqti keldi? Klublarda murabbiylarni tez-tez almashtirish ortida qanday muammolar bor? Va eng muhimi — o‘zbek futbolining haqiqiy kuchi nimada?

Bu savollarga javob izlash uchun futbolimiz ichida katta tajriba to‘plagan, yillar davomida FIFA va OFK kurslarida murabbiylar tayyorlagan mutaxassis Islom Ahmadov bilan suhbatlashdik.

Suhbat davomida Kannavaro, milliy jamoa uslubi, o‘zbek murabbiylari, legionerlar, Superliga, murabbiylik ta’limi va futbolimizning kelajagi haqida ochiq gaplashdik.

- Islom aka, O‘zbekiston milliy jamoasi tarixda birinchi marta Jahon chempionatiga chiqdi. Siz futbol ichidagi inson sifatida bu muvaffaqiyatni qanday baholaysiz: biz hali uning haqiqiy qadrini to‘liq anglab yetdikmi?

- Jahon chempionatiga chiqish va unda ishtirok etishning haqiqiy qadrini vaqt o‘tishi bilan tushunib, anglab yetamiz. Bu normal holat, har bir narsani anglash uchun vaqt kerak.

- Fabio Kannavaro O‘zbekistonga kelganidan keyin milliy jamoamizda siz birinchi navbatda qanday o‘zgarishni kutyapsiz? U bizga natijadan tashqari nimani olib kelishi mumkin?

- Har bir inson yaxshi tushunishi kerakki, mamlakat milliy jamoasi qanday futbol o‘ynashi — yurtimizda futbol bilan shug‘ullanayotgan barcha mutaxassislar uchun o‘ziga xos yo‘nalish va mezon hisoblanadi.

Savolingizga javob berishdan oldin o‘z shaxsiy fikrimni bildirmoqchiman. Bunga chuqur ishonaman. Biz jahon chempionatidan keyin milliy terma jamoamizning FIFA kunlarida Eron, Suriya va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlarini ko‘rdik. Menimcha, aynan shu futbol bizga kerak. Bu — biz yuqori darajada o‘ynay oladigan va natijaga erisha oladigan futbol.

2018 yil kuzida men «A» litsenziyasi uchun murabbiylik kurslarini o‘tkazayotgan edim. O‘sha yili Temur Kapadze murabbiylik faoliyatini endi boshlagan paytlarda milliy terma jamoamizni Marokashdagi o‘rtoqlik uchrashuvlariga olib borgan. U yerda Senegal va Marokashga qarshi ikki uchrashuv o‘tkazildi. Keyin Eronga borib, Eron terma jamoasiga qarshi o‘ynadik. Urugvayda esa Urugvay terma jamoasi bilan bahslashdik.

Men o‘sha o‘yinlarni kuzatdim va bu — biz o‘ynashimiz kerak bo‘lgan futbol ekanini ko‘rdim. Shu imkoniyatdan foydalanib, Temur Kapadzedan murabbiylarimiz uchun taqdimot tayyorlab berishini so‘radim. Unda jamoamiz nima uchun aynan shunday futbol o‘ynashi kerakligi va bu uslubning qanday afzalliklari borligini ko‘rsatib berdi. Bu 2018 yil edi!

Demak, o‘sha vaqtning o‘zidayoq biz bunday futbol o‘ynashga tayyor edik. Keyin milliy jamoaning jahon chempionatiga chiqish masalasi hal bo‘lgach, Qatarga qarshi so‘nggi o‘yinda va biroz vaqt o‘tib Toshkentdagi KAFA turnirida Temur Kapadze yana 1-4-3-3 tizimiga, ya’ni uning murabbiylik faoliyati boshida, 2018 yildagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida jamoasi namoyish etgan futbolga qaytdi.
Bizning kuchli tomonimiz — individual jihatdan kuchli futbolchilarga ega ekanimiz. Futbolchilarimiz to‘p bilan muomala qilish texnikasi, nostandart fikrlashi bilan ajralib turadi. Ular bilan to‘g‘ri ish olib borilsa, o‘yinni tushunish darajasi ham yuqori.

Butun o‘yin to‘p nazorati, hujumni qisqa va o‘rta uzatmalar orqali boshlash va rivojlantirish, uchinchi zonada esa hujumni yakunlashda individual hamda guruhli kreativ harakatlar asosida quriladi.

Hozir ham milliy jamoamiz Eron, Suriya va Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazgan uchta o‘yinda 1-4-3-3 tizimida o‘ynayapti. Bu — kombinatsion, kreativ futbol. Bu futbolni bizning futbolchilarimiz qila oladi va eng muhimi, ular bunday futboldan katta zavq oladi.

Shu savolga javobimni yakunlar ekanman, aytamanki, Kannavaro bosh murabbiy sifatida ishlayotgan davrida nima bo‘lishidan qat’i nazar, milliy terma jamoamiz yuqoridagi uchta o‘yinda namoyish etgan futboldan voz kechmasligi kerak.
U va uning ish uslubi barcha uchun namuna bo‘lishi lozim. Bu yo‘nalishda hamma ishlashi kerak. Chunki bu — bizning futbolimiz.

- Kannavaroning futbolchilikdagi ulkan tajribasi uning murabbiy sifatidagi faoliyatida qay darajada ustunlik beradi? Yoki jahon chempioni bo‘lishning o‘zi zamonaviy murabbiy uchun yetarli emasmi?

- Albatta, futbolchining yuqori darajadagi tajribasi uning murabbiylik faoliyatida yordam beradi. Lekin bu — futbolchi sifatidagi tajriba. Albatta, unga top-darajadagi murabbiy bo‘lish uchun vaqt kerak. Ammo hozir meni eng ko‘p tashvishlantirayotgan boshqa masala bor.

U hozir O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi. Uning oldida Osiyo Kubogida bajarishi kerak bo‘lgan aniq vazifa turibdi. Uning oldida hali juda ko‘p ish bor. Meni quvontirayotgan jihat — u jahon chempionatidagi o‘yinlardan keyin to‘g‘ri xulosalar chiqardi va hozir to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilyapti.

Yana bir bor takrorlayman: hech kim va hech narsa unga hozir qilayotgan ishini amalga oshirishga xalaqit bermasligi kerak! Milliy jamoani tayyorlash jarayoniga aloqador bo‘lgan barcha insonlar uning ishiga aralashmasligi, bu yo‘nalishni tushunishi va unga aynan shu yo‘nalishda yordam berishi zarur.

- Milliy jamoaga futbolchi tanlashda biz nimagadir ortiqcha e’tibor beryapmizmi? FIFA instruktori sifatida ayting: zamonaviy futbolda futbolchining statistikasidan tashqari qaysi jihatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega?

- Bugungi kunda ko‘rib turibmizki, milliy jamoa bosh murabbiyi o‘z jamoasi qanday futbol o‘ynashini aniq belgilab olgan. Ushbu futbol uslubiga mos ravishda har bir pozitsiyaga kamida ikki nafar futbolchi tanlaydi va yana shuncha futbolchini zaxirada nazarda tutadi. Terma jamoaga taklif qilinayotgan paytda futbolchining holatiga qarab, yakuniy tanlovni amalga oshiradi.

Ikkinchi savolingizga javob bersam, bu — intellekt, har bir o‘yin vaziyatini baholay olish, to‘g‘ri qaror qabul qilish va raqib bosimi ostida ham uni amalga oshira olish qobiliyati hamda «jangovar xarakter».

Ya’ni, oxirigacha kurasha olish — asosiy jihat. Qolgan sifatlar futbolchini tayyorlash jarayonida rivojlantiriladi.

- Superligada murabbiylar tez-tez almashadi. Buni natija uchun kurashning tabiiy qismi deb qabul qilish kerakmi yoki klublarda uzoq muddatli futbol falsafasi yetishmayaptimi?

- Barchasi klub murabbiy oldiga qanday vazifa qo‘yayotganiga va ushbu vazifani bajarishi uchun unga qanday real sharoit yaratib bera olishiga bog‘liq.
Bu — birinchi jihat. Ikkinchidan, murabbiyni tanlashda, albatta, uning avvalgi natijalari va u ishlagan jamoalar qanday futbol namoyish etganiga qarash kerak.
Mening fikrimcha, murabbiyni kamida uch yilga taklif qilish kerak. Shunda u jamoa yaratishi, ichki chempionatda natija ko‘rsatishi va keyin klublar o‘rtasidagi OFK musobaqalarida xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatishi mumkin.

Murabbiylarga vaqt bermasdan, ularni doimiy ravishda almashtirib turish orqali murabbiyni taklif qilish uchun mas’ul klub rahbarlari o‘zlarining professional obro‘siga putur yetkazadi.

- Bizda yaxshi legioner olib kelish ko‘pincha tayyor futbolchi xarid qilish sifatida qaraladi. Aslida esa kuchli legioner mahalliy futbolchiga nimani o‘rgatishi kerak?

- Agar bu haqiqatan ham kuchli legioner bo‘lsa, u mahalliy futbolchilarga, ayniqsa, yosh futbolchilarga o‘rgatishi mumkin bo‘lgan eng muhim narsa — maydonda ham, kundalik hayotda ham professionallik.
Mening chuqur ishonchimga ko‘ra, bu futbolimizdagi asosiy muammolardan biri, ayniqsa, yosh avlod bilan bog‘liq masalalardan biridir.

- Siz yillar davomida FIFA va OFK kurslarida murabbiylarga dars berdingiz. O‘zbek murabbiylarining eng kuchli jihati nimada va ularda hali yetishmayotgan eng muhim sifat nima?

- Ayniqsa, bolalar va o‘smirlar bilan ishlaydigan murabbiylarni alohida ta’kidlamoqchiman. Ularning kuchli tomoni — o‘z ishini yaxshi ko‘rishadi. Qanday sharoitda ishlashidan qat’i nazar, har bir bolani ham hayotda, ham futbol maydonida yaxshiroq inson va futbolchi qilishga harakat qilishadi.

Proliga va Superliga darajasiga yetib kelgan murabbiylarda iste’dod va qobiliyat bor. Ammo, afsuski, ko‘pchiligi turli holatlar sababli o‘z salohiyatini to‘liq ochib bera olmayapti.

Asosiy sabablardan biri — klub rahbarlarining mahalliy murabbiylarga bo‘lgan munosabati.«Ularda hali yetishmayotgan eng muhim sifat nima?» degan savolingizga kelsak, ularda mavjud bilimlar bilan birga aytish qiyinki, o‘zgarishga moslashish oson emas.
Futbol ham, hayot ham doim o‘zgarib boradi. Futboldagi talablar o‘zgaryapti. Ko‘pchilik kecha muvaffaqiyat keltirgan usullaridan voz kechishi qiyin. Kecha muvaffaqiyat keltirgan narsa bugun ish bermasligi mumkin. Zamon bilan hamnafas bo‘lish, zamonaviy futboldagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida ko‘ra bilish va o‘zgarishdan qo‘rqmaslik kerak.

- Litsenziya olgan murabbiy bilan haqiqiy zamonaviy murabbiy o‘rtasida qanday farq bor? Bizda litsenziya tizimi murabbiyni amaliyotga yetarlicha tayyorlayaptimi?

- OFK ancha yillar avval UEFA namunasi asosida murabbiylik konvensiyasini qabul qilgan. Mamlakatimiz ham ushbu murabbiylik konvensiyasiga kirgan davlatlar qatorida.

Barcha toifalar bo‘yicha murabbiylarni o‘qitish va tayyorlash dasturlari OFK tomonidan tasdiqlanadi va bizning murabbiylarimiz ham ushbu dasturlar asosida ishlaydi. Bu masalada bizda hammasi joyida.
Birinchi savolingizga javob berar ekanman, yuqorida futbolda qaysi yo‘nalishni tanlashimiz kerakligi haqida to‘xtaldim. Agar milliy terma jamoamiz o‘ynayotgan yo‘nalishni qabul qilsak, demak, barcha darajalardagi murabbiylarni tayyorlash jarayoni ham aynan shu yo‘nalishda bo‘lishi kerak.

Albatta, ko‘p jihatlarni qayta ko‘rib chiqish zarur. Murabbiylarni tayyorlash dasturlari va ularga ta’lim beradigan murabbiy-instruktorlar zamonaviy talablarga mos bo‘lishi kerak.

Bizda, Osiyoning ko‘plab yetakchi futbol mamlakatlarida bo‘lgani kabi, murabbiylik ta’limida ancha yillardan buyon modulli tizim joriy etilgan. Murabbiylar nazariy va amaliy bilimlarni oladi. Keyingi modulga qadar ularga kamida bir oy vaqt beriladi. Shu davrda o‘z jamoalari bilan ishlab, olgan bilimlarini amalda qo‘llab ko‘rishadi va to‘plagan tajribalari bilan keyingi modulga kelishadi.

O‘qish yakuniga kelib, instruktor qaysi murabbiy nimasi bilan ajralib turishini va uning kelajakdagi istiqboli qanday ekanini ko‘ra oladi. Faqat bir narsani aytishim mumkin: murabbiy doim o‘z ustida ishlashi kerak. Hatto PRO litsenziyasiga ega bo‘lgan murabbiy ham, agar o‘z ustida ishlamasa va har kuni o‘z harakatlari bilan zamonaviy talablarga mos ekanini isbotlamasa, hech kimga kerak bo‘lmasligi mumkin.

- Zamonaviy futbolda bosh murabbiy yolg‘iz o‘zi natija qila olmaydi. Analitik, skaut, fitnes-murabbiy, psixolog kabi mutaxassislardan iborat shtab O‘zbekiston klublarida hali ham yetarlicha shakllanganmi?

- OFK talablariga muvofiq, mamlakatimizda klublarni litsenziyalash jarayoni muntazam o‘tkazib boriladi. Superliga klublarimizda bu borada muammo yo‘q. PFL bu masalani qat’iy nazorat qiladi.

- Siz turli mamlakatlarda futbol mutaxassislari bilan ishlagansiz. O‘zbekistonlik murabbiy xorijlik mutaxassisdan nimada kuchli bo‘lishi mumkin, xorijlik murabbiy esa bizdan nimani yaxshiroq qilyapti?

- Mamlakatimizda yuqori malakali, katta ish tajribasiga ega bo‘lgan va xorijlik mutaxassislardan hech bir jihatda kam bo‘lmagan murabbiylar juda ko‘p. Agar hozir milliy terma jamoamiz qanday o‘ynayotganiga qarasak, Superliga klublarimiz ham aynan shu futbolni o‘ynamoqda. «Navbahor» — Temur Kapadze bilan, «Neftchi» — Islom Ismoilov bilan, «Paxtakor» — Kamol Tojiyev bilan, «Dinamo» — Vadim Abramov bilan, «Nasaf» — Ro‘ziqul Berdiyev bilan, «Surxon» — Alisher G‘afurov bilan, «Andijon» esa Islom Ahmadov bilan.

Menimcha, o‘z murabbiylarimizga ko‘proq ishonish va ularni xorijlik mutaxassislar qanday qo‘llab-quvvatlanayotgan bo‘lsa, xuddi shunday qo‘llab-quvvatlash vaqti keldi.

- Bugun 20–25 yoshli o‘zbek murabbiyi «men xalqaro darajaga chiqmoqchiman» desa, unga birinchi navbatda nimani o‘rganishni tavsiya qilgan bo‘lardingiz?

- O‘z ustida juda ko‘p ishlashni, erishilgan natija bilan hech qachon to‘xtab qolmaslikni va mag‘lubiyatdan qo‘rqmaslikni tavsiya qilgan bo‘lardim.
Mag‘lubiyatlar g‘alabalardan ko‘ra ko‘proq tajriba beradi. O‘z-o‘zini rivojlantirish — cheksiz va hayotiy zarur jarayon.

- Va so‘nggi savol: siz futbolimizni ichkaridan ham, xalqaro darajadan ham ko‘rgan mutaxassis sifatida, O‘zbekiston futbolida hozir biz ko‘rayotganimizdan ham kattaroq imkoniyat bor deb hisoblaysizmi? Agar ha bo‘lsa, unga yetib borishimizga nima xalaqit beryapti?

- Barchamiz avvalo kuchli tomonimiz nimada ekanini va boshqalardan nimamiz bilan farq qilishimizni tushunishimiz juda muhim. Shubhasiz, zamonaviy futbol qanday rivojlanayotganini anglashimiz kerak. Bizning baxtimiz shundaki, zamonaviy futbol aynan biz kuchli bo‘lgan yo‘nalishda rivojlanyapti.

Mamlakatimizda barcha darajalarda, har bir jamoada — xoh havaskorlar, xoh professionallar bo‘lsin — kamida 3–4 nafar nostandart fikrlaydigan, texnik jihatdan kuchli va kreativ futbolchi bor. Davlatimiz tomonidan mamlakatda futbolni rivojlantirish uchun yaratib berilayotgan sharoitlar tufayli bunday futbolchilar soni ortib bormoqda. Tanlov imkoniyati juda katta.

Eng muhimi, futbol jarayoniga jalb qilingan barcha insonlar amal qilishi kerak bo‘lgan yagona futbol uslubi va falsafasi bo‘lishi lozim. Bir paytlar psixologlar guruhi o‘tkazgan so‘rovnomada men ham ishtirok etganman. Ko‘plab savollarga javob berdim. Yakunda qanday xulosaga kelindi?

Mamlakatimizda futbolni rivojlantirish uchun barcha sharoit bor: infratuzilma, stadionlar, mashg‘ulot bazalari, har bir viloyatda va har bir professional klub qoshida futbol akademiyalari mavjud.

Bizga yetishmayotgan asosiy jihat — qaysi futbolni o‘ynashimiz kerakligi borasida aniq va ravshan pozitsiya hamda ushbu futbolni barcha darajalarda — bolalar futbolidan boshlab milliy terma jamoagacha — hayotga tatbiq etadigan mutaxassislar.

Bizga tanlangan yo‘nalishda ishlaydigan, tayyorgarligi yuqori bo‘lgan murabbiylar kerak. Agar hozir milliy terma jamoamiz o‘ynayotgan futbol yo‘nalishini asos qilib olsak va bu yo‘nalish futbolga aloqador barcha insonlar uchun yagona uslub sifatida qabul qilinsa, xalqaro maydonda bizni yorug‘ kelajak kutadi! Buning bitta majburiy sharti bor — har bir lavozimda o‘z ishining professionallari ishlashi kerak!

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

3 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar