«Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi kelasi hafta Ispaniyaga yo‘l oladi. Bu haqda ESPN xabar berdi.
Argentinalik futbolchi 2026 yil uchun sport sohasidagi Asturiya malikasi mukofotini qabul qilib olish marosimida ishtirok etadi. Ushbu mukofot Messiga iyun oyida berilgandi.
Hakamlar hay’ati futbolchining sportdagi yutuqlari, shuningdek, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalarning ta’lim va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan xayriya ishlarini e’tirof etgan. Taqdirlash marosimi 22 oktabr kuni Ispaniyaning Oviedo shahrida bo‘lib o‘tadi.
Qayd etish lozim, 24 oktabr kuni «Inter Mayami» MLS doirasida safarda «Nyu-York Red Bullz»ga qarshi bahs olib boradi. Jamoa murabbiylari Messi ushbu uchrashuvga qadar qaytib kelishini va maydonga tushishini kutmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Asturiya malikasi mukofoti adabiyot, ijtimoiy fanlar, ilmiy-texnik tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik va sport kabi sohalardagi alohida yutuqlari uchun shaxslar hamda tashkilotlarga beriladi.
Avvalroq Messining Argentina milliy jamoasi safidagi xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi