«Manchester Yunayted» Jim Retkliff klub futbol operatsiyalarini nazorat qila boshlaganidan keyin xarajatlarni qisqartirish dasturini davom ettirmoqda. The Telegraph klubning 2025/26-yilgi to‘liq moliyaviy hisobotiga tayanib, so‘nggi ikki yilda 322 nafar xodim ishdan ketganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, eng katta qisqarish klubning ichki media va tijorat bo‘limlarida kuzatilgan. Ushbu bo‘limlarda xodimlar soni mos ravishda 45 va 44 foizga kamaygan. Ma’muriy va unga yaqin yo‘nalishlarda, jumladan chiptalar bilan ishlash bo‘limida 161 ta ish o‘rni qisqartirilgan.
Futbol yo‘nalishida esa yana 60 nafar xodim klubni tark etgan. Ular orasida skautlar va akademiya murabbiylari ham bor.
Retkliff 2024-yil fevralida klubning futbol operatsiyalari ustidan nazoratni qo‘lga kiritganidan so‘ng keng ko‘lamli xarajatlarni qisqartirish dasturini boshlagan. Uning ta’kidlashicha, tejalgan mablag‘larning bir qismini tarkibga investitsiya qilish mumkin.
Ma’lumot uchun, «Manchester Yunayted»ning operatsion moliyaviy natijasi 2024-yildagi qariyb 70 million funtlik zarardan 2025/26-yilgi mavsum yakunida 22,6 million funtlik foydagacha yaxshilangan. Klubning ish haqi xarajatlari ham 302 million funtgacha tushgan.
Shunga qaramay, klub moliyaviy yilni soliqlardan oldingi 47 million funtlik zarar bilan yakunlagan va ketma-ket yettinchi yil zarar ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, klubning umumiy qarzi, jumladan transferlar bo‘yicha majburiyatlar, 1,1 milliard funtdan oshgan. Yozgi transferlar uchun esa «Manchester Yunayted» qo‘shimcha 90 million funt qarz olgan.