Irlandiya milliy jamoasi Millatlar ligasi guruh bosqichining Isroilga qarshi bahsini boykot qilishi mumkin. Bu haqda jurnalist Leyla Hamid X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Manba xabariga ko‘ra, ayrim futbolchilar Isroilga qarshi bahsda ishtirok etishdan bosh tortish niyatida. Shuningdek, jamoa mashg‘ulotni belgilangan vaqtda boshlamagan. Futbolchilar va murabbiylar shtabi ikki soat davomida yig‘ilish o‘tkazgani aytilmoqda.
Avvalroq OAV Irlandiya va Isroil milliy jamoalari Millatlar ligasi doirasidagi o‘zaro bahslardan keyin futbolka almashmasligi haqida xabar bergandi.
Tomonlar guruh bosqichida ikki marta to‘qnash keladi. Birinchi bahs 27-sentyabr kuni Serbiyada, ikkinchisi esa 4-oktyabr kuni Vengriyada o‘tkaziladi. Har ikki bellashuv ham neytral maydonda tashkil etiladi. Serbiyadagi bahs tomoshabinlarsiz o‘tishi, Vengriyadagi bahsga esa irlandiyalik muxlislar kiritilmasligi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Isroil — Irlandiya bahsi 27-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.