Angliyaning «Manchester Siti» klubi qishki transfer oynasida yangi futbolchilarni xarid qilishdan voz kechishi mumkin. Bu haqda indykaila News xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda «shaharliklar»ning transfer rejalari haqida ma’lumot olish deyarli imkonsiz. Klubga yaqin manbalarning barchasi bir xil javob bermoqda: «Klub keyingi ko‘rsatmaga qadar yangi futbolchilarni sotib olmaydi».
Qayd etilishicha, bunday qaror «Manchester Siti» atrofidagi moliyaviy qoidabuzarliklar bilan bog‘liq ish fonida qabul qilinishi mumkin. Hozircha klub qishki transfer rejalari yuzasidan rasmiy bayonot bermagan.
Avvalroq klub moliyaviy qoidalarni buzishda ayblangani haqida xabar berilgan edi. «Manchester Siti» o‘z navbatida ayblovlarga e’tiroz bildirgan. Ish bo‘yicha yakuniy qaror shu yil oxirigacha e’lon qilinishi ehtimoli past baholanmoqda.
Agar klubga nisbatan eng og‘ir sanksiyalar qo‘llansa, «shaharliklar» katta miqdordagi ochkolardan mahrum etilishi yoki hatto Chempionshipga tushirib yuborilishi mumkin.