«Manchester Siti» APLning moliyaviy qoidalarini buzganligi uchun jiddiy jazodan qochib qolishga umid qilmoqda. Bu haqda FourFourTwo nashri xabar berdi.
«Manchester Siti» bo‘yicha Manchester Evening News bosh jurnalisti Saymon Baykovski Talking City podkastida klubning pozitsiyasini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «shaharliklar» barcha ayblovlarni rad etishi shart emas, balki moliyalashtirish sxemasi qoidalarni buzmaganini isbotlashi kifoya.
«Bungacha klub APLdagi moliyaviy qoidabuzarliklar ishi bo‘yicha apellyatsiya bergan edi. «Manchester Siti» inkor etib bo‘lmaydigan dalillar haqida gapirar ekan, bu pullar klubdan homiylarga, keyin esa klub buxgalteriyasiga qaytib kelmaganini ko‘rsatishni anglatadi. Ular Abu-Dabi hukumatidan homiylarga borgan, homiylar esa keyin klubga to‘lovlarni amalga oshirgan. Bu qoidalarga zid emas», — deya Baykovski so‘zlarini keltiradi FourFourTwo.
Baykovskining ta’kidlashicha, jamoa vakillari chiqarilgan qarordan «hayratda qolgan» va apellyatsiyani ko‘rib chiqadigan uch nafar a’zodan iborat yangi komissiya vaziyatga boshqacha baho berishidan umid qilmoqda.
Qolaversa, «shaharliklar» qarorni «ishonchsiz» deb atagan. Bu bilan jarayonning uzoq davom etayotgani va guvohlarning ikki yil avval bergan ko‘rsatmalari ishonchliligi borasidagi savollarga ishora qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan oyda mustaqil komissiya «Manchester Siti»ni to‘qqiz mavsum davomida APLning moliyaviy qoidalarini buzish bilan bog‘liq 115 ta ayblovning 114 tasi bo‘yicha aybdor deb topgandi. Klub ushbu qaror ustidan apellyatsiya berdi.