Avvalo, bir narsani aniqlashtirib olish muhim: Rodri Ernandesning orzusi doimo "Real"da o'ynash bo'lgan. Ammo taqdirning o'yini shundaki, uning "qirollik klubi"ga o'tish uchun ilk imkoniyat shu yozda yuzaga kelgandi, qayta-qayta puxta o'ylangan qaror ham ispan yarim himoyachining oxir-oqibat "Barselona" bilan shartnoma imzolashiga olib keldi.
Ha, futbol ba'zan shunaqa g'alati. Chunki jahon yulduzlari doimo o'zlari xohlagan joyda o'nlaydi, degan qarash bor. Ammo bu safar Rodri bolalik orzusidan voz kechishga qaror qildi. Quyida "Real" muxlislari uzoq vaqt unutish qiyin bo'lgan qarorning ayrim sabablari keltirilgan "Marca" maqolasini taqdim etamiz.
Avvalo, voqealarni to'liq tushunish uchun Rodrining "Real"ga o'tishdagi birinchi imkoniyatiga qaytish kerak. Buning uchun 2019 yilga qaytamiz. O'sha paytda Rodri "Atletiko" futbolchisi edi, ammo Pep Gvardiola boshchiligidagi "Manchester Siti" unga jiddiy qiziqish bildirgandi. O'sha yozda yarim himoyachi oxirgi daqiqaga qadar "Real"dan taklif kelishini kutdi. Ammo o'sha vaqtda Madrid klubida Toni Kroos, Luka Modrich va Kazemiro bor edi, shuning uchun Rodri "Real" uchun hech qachon chinakam variant bo'lmadi.
Natijada, u shartnomasidagi tovon pulini to'lab, Manchesterga yo'l oldi. Hozir orqaga qarab baholaydigan bo'lsak (o'tmishni tahlil qilish doim oson-da) bu uning hayotidagi eng to'g'ri qaror bo'lgan. Ispaniyalik murabbiy uning futboldagi faoliyatini butunlay o'zgartirdi va yarim himoyachidagi barcha imkoniyatlarni boshqalardan ko'ra yaxshiroq ochib berdi.
Endi esa so'nggi imkoniyatga o'tamiz.
"Real" muxlislari shu yoz davomida Rodrini olib kelishni qattiq talab qilgan bo'lsa-da, klubning o'zi bu transferga hech qachon to'liq ishonch bilan yondashmadi. Aksincha, Rodri Jahon chempionati finalidan keyingi barcha ajoyib o'yinlari bilan yana bir bor o'zini namoyon qilgachgina "Real"dagi ikkilanmalar barham topdi va bu imkoniyatni qo'ldan chiqarmaslik kerakligini ko'rsatuvchi bir qancha omillar paydo bo'ldi.
Futbolchining "Siti" bilan shartnomasida so'nggi yil qolgan, uning Manchesterda qolishida Gvardiolaning davomiyligi doimo muhim omil bo'lib kelgan, u esa ketmoqda va qolaversa Rodri bu vaqtga kelib "Real"ga yetishmayotgan ko'plab jihatlarni o'zida mujassam etgandi. Rodri "qo'l yetadigan" futbolchiga aylandi. Balki butun muammo ham shunda bo'lgandir: klub transferni mutlaq ishonch bilan emas, shunchaki urinib ko'rish uchun boshladi. Futbolchi esa buni sezdi.
Valdebebasda aytilgan gap
Ispaniya terma jamoasi ikkinchi yulduzini qo'lga kiritganidan keyin "Real" ishga kirishdi. Florentino Peres, Xose Anxel Sanches qo'ng'iroq qildi va shu bilan tugadi. Bunday holatlar uchun bu g'alati. Chunki jahon darajasidagi yulduzni transfer qilish jarayoni odatda butun klub hayotini to'xtatib, barcha rahbarlar va mutaxassislarni ishga jalb qiladi. Ammo bu yerda hikoyani yana bir bor to'xtatishga to'g'ri keladi. Chunki o'sha qo'ng'iroqlardan oldin "Real" ichida hali juda ko'p ikkilanish bor edi. Albatta, Rodri jamoaga foyda keltirishi va tarkibni kuchaytirishi aniq edi. Ammo u klub izlayotgan futbolchi profiliga to'liq mos kelmasdi. Yoshi jihatidan ham, futbol uslubi jihatidan ham.
"U to'pni o'zida juda ko'p saqlab turadi, biz izlayotgan futbolchi u emas", degan gap Valdebebasda qattiq aks sado berdi. Qaysi tomondan qaraman, buni tushunish qiyin. "Real" markazda yanada dinamik va jismoniy jihatdan kuchliroq futbolchi qidirayotgan edi.
Rodrining Jahon chempionatidagi statistikasi va fantastik rekordi ham go'yo ahamiyatsiz edi: u bir Jahon chempionatida boshqa har qanday futbolchidan ko'proq aniq pas bergan va paslarining 93 foizdan ziyodi o'z manziliga yetgan.
Ammo yuqorida aytilganidek, Rodri "qo'l yetadigan" variantga aylandi va "Real" transferni amalga oshirishga shunchaki urinib ko'rdi. Agar futbolchiga qiziqish birinchi kundanoq kuchli bo'lmasa, ishlar ham lozim darajada kechmaydi.
Masalan, Mourinyu Kukurelyaga qo'ng'iroq qildi. "Atletiko" Bernardu Silvani olish uchun bosimni kuchaytirgan paytda portugaliyalik futbolchiga ham bir necha bor qo'ng'iroq qildi. Farq mana shunda: loyihaning muhim qismi bo'lishi kerak bo'lgan futbolchini olish uchun haqiqiy qiziqish va xohish bor edi.
"Barselona" esa Rodri uchun bor artilleriyasini ishga soldi. Deko, Laporta, Flik va deyarli butun jamoa unga qo'ng'iroq qildi. Biroz qolsa, klub bog'boni ham telefonni ko'tarib, ispan yarim himoyachi maysani qay darajada baland bo'lishini xohlashini so'rab qolishi mumkin edi. Ammo yo'q, Rodri faqat qo'ng'iroqlar sabab "Barselona"ni tanlagani yo'q.
Kuchli loyiha va qo'ng'iroqlardagi farq
Yana bir muhim jihatni ta'kidlash kerak: ikki klubning moliyaviy taklifi bir xil bo'lgan. Balki "Real" muxlislariga eng og'ir botadigan jihat ham shu.
Rodri duppa-durust o'ynab yurgan klubini pul uchun tark etmayapti, u loyiha uchun ketmoqda. Uning futbol uslubi "Barselona" falsafasiga ideal darajada mos keladi. Bu Ispaniya terma jamoasini Jahon chempionatida g'alabaga eltgan uslubning o'zi. Qolaversa, kataloniyaliklarning loyihasi allaqachon mustahkam poydevorga ega: muhim tayanchlar belgilab qo'yilgan, jamoatdagi ierarxiya aniq.
"Real"da esa loyiha hali ham soat mexanizmi kabi xavfli. Albatta, undan "Roleks" chiqishi mumkin. Axir bu "Real". Ammo u muddatidan oldin sochilib ketishi ham mumkin. 30 yoshli futbolchi uchun bunday noaniqlikni qabul qilish qiyin. Ayniqsa, raqib tomonda uni olib kelish uchun hamma harakatga kelgan bir paytda.
Shuning uchun Rodri o'z qarorini aniq qilgach, birinchi bo'lib "Real"ga, Xose Anxel Sanchesga qo'ng'iroq qildi. Klubning qiziqishi, hurmati va odobli munosabati uchun minnatdorchilik bildirdi va futbolchi o'zi hech qachon boshlamagan transfer serialini yakunladi. Shundan so'ng u "Barselona"ning "Manchester Siti" bilan kelishuvini kuta boshladi. Kataloniya klubi inglizlarni ishontirish uchun beshta taklif berishga majbur bo'ldi.
Shuning uchun haftalar o'tgani sari "Real" Rodrini qanday qilib qo'ldan chiqarganini tushunish tobora qiyinlashmoqda. Bu "Manchester Siti"ning yangi shartnoma takliflarini rad etib, "Real"dan qo'ng'iroq kelishini kutgan futbolchi edi. Alal-oqibatda qo'ng'iroq bo'ldi, ammo taklif Rodri bolaligida orzu qilgan taklif emasdi. Rodri doimo "Santyago Bernabeu"ga katta sahnadan, o'zini har doim qo'llab-quvvatlagan muxlislar oldiga chiqishni tasavvur qilgan.
"Real"dagi minglab savollar va ikkilanmalar bozordagi navbatdagi imkoniyat boy berilgani haqida. Chunki "Barselona" xuddi shu imkoniyatni ko'rdi va bor kuchi bilan undan foydalanishga tashlandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi