«Liverpul» «Monako» yarimhimoyachisi Magnes Akliushni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini o‘rganmoqda.
Sky Sports xabariga ko‘ra, mersisaydliklar 24 yoshli futbolchining transferi yuzasidan Fransiya klubiga rasmiy so‘rov yuborgan va uning transferi amalga oshishi mumkinligini aniqlashga kirishgan.
Manbaning ta'kidlashicha, Akliush uchun asosiy da'vogar hozircha «PSJ» bo‘lib turibdi. Biroq «Monako» parijliklarning bir nechta taklifini, jumladan, 40 million yevrolik so‘nggi taklifini ham rad etgan.
Avvalroq OAVda «Monako» fransiyalik yarimhimoyachini 50–55 million yevro evaziga qo‘yib yuborishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalgandi.
Akliush 2025/26 yilgi Liga 1 mavsumida 31 ta bahsda maydonga tushib, 6 ta gol va 6 ta golli uzatma muallifiga aylandi.