«Monako» yarimhimoyachi Magnes Akliushning transferi bo‘yicha «PSJ» tomonidan yuborilgan uchinchi taklifni ham qabul qilmadi. Bu haqda Onze Mondial xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, monegasklar 23 yoshli futbolchi uchun 50 million yevro talab qilmoqda. «PSJ»ning so‘nggi taklifi miqdori ochiqlanmagan, biroq klublar kelishuvga har qachongidan ham yaqinroq ekani ta'kidlangan.
Shu bilan birga, Akliush allaqachon Parij klubi bilan shaxsiy shartnoma shartlari bo‘yicha kelishuvga erishgan. Futbolchining o‘zi Fransiya chempionlari safiga qo‘shilishni istamoqda.
Akliush «Monako» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2022 yil yozidan buyon asosiy jamoa sharafini himoya qilib kelmoqda.
O‘tgan mavsumda u barcha turnirlar doirasida 43 ta uchrashuvda ishtirok etib, 7 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning «Monako» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.