«Liverpul»ning sobiq yarimhimoyachisi va sardori Stiven Jerrard «Real» himoyachisi Trent Aleksander-Arnoldni Mersisayd klubiga qaytarish imkoniyati haqida fikr bildirdi.
«Iqtidor va mahorat nuqtayi nazaridan, uning erishgan yutuqlarini hisobga olsak, ha, deb javob bergan bo‘lardim. Shaxsan men uni qaytarib olardim, buni inkor qilmayman. Ammo uning klubdagi avvalgi faoliyati yakunlangan tarzda biroz alamli bo‘lib qolgan.
Biroq bu aynan hozirgi jamoa, murabbiy va «Liverpul»ning vaziyati uchun to‘g‘ri qadam bo‘ladimi? Bunga ishonchim komil emas. U jamoa tarkibini kuchaytiradimi? Iqtidor va mahorat jihatidan — albatta, 100 foiz. Shunchaki, ayni paytda bu jamoa uchun to‘g‘ri qaror ekaniga amin emasman», — deya Jerrardning so‘zlarini Anfield Edition X ijtimoiy tarmog‘ida keltirdi.
Ma’lumot uchun, Trent Aleksander-Arnold 2016–2025-yillar davomida «Liverpul» safida to‘p tepgan. Keyinchalik u «Real»ga o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, angliyalik himoyachi «Liverpul» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va Mersisayd klubi bilan bir qator sovrinlarni qo‘lga kiritgan.