Live
3
O'zbek

Morgan: «Ronaldu yana 2-3 yil «MYU»da o‘ynab, ko‘plab gollar urishi mumkin edi»

Futbol
3 noyabr, 07:30
Teleboshlovchi portugaliyalik futbolchining Erik ten Hag bilan munosabatlari va uning klubdan ketishi haqida gapirdi.
Morgan: «Ronaldu yana 2-3 yil «MYU»da o‘ynab, ko‘plab gollar urishi mumkin edi»
Foto: Getty Images

Teleboshlovchi Pirs Morgan «Manchester Yunayted»ning sobiq bosh murabbiyi Erik ten Hagning Krishtianu Ronaldu haqidagi fikrlariga munosabat bildirdi. Niderlandiyalik mutaxassis portugaliyalik hujumchi so‘nggi 7-8 yil davomida avvalgi darajasida o‘ynay olmaganini aytgandi.

Morgan esa ten Hagning bu gaplarini hasad bilan bog‘ladi va Ronaldu «Yuventus» hamda «Real»dan ketganidan keyin ham yuqori natijalar qayd etganini ta’kidladi.

«Ronaldu «Real»dan ketganidan keyin 330 dan ortiq gol urdi. U «Yuventus»da ham juda muvaffaqiyatli o‘ynadi, bir nechta chempionlikni qo‘lga kiritdi. Menimcha, ten Hag Ronaldu ham uni tanqid qilgani uchun hasadga to‘la gaplarni aytdi.

Ten Hag Ronaldu klubdan ketganidan keyin ham bir muddat «Manchester Yunayted»ni boshqarganini, ammo baribir muvaffaqiyatga erisha olmaganini eslatmayapti. Germaniyadagi yangi jamoasida esa atigi 60 kun ishladi. Menimcha, ten Hag juda katta muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

«MYU»ni tark etishidan oldingi so‘nggi mavsumida Ronaldu APLda 18 ta, Chempionlar Ligasida esa 6 ta gol urgan. Tasavvur qiling, «Manchester Yunayted» hozir shunday statistikaga ega hujumchini qanchalik istagan bo‘lardi. Menimcha, Krishtianu klubda yana ikki-uch yil qolib, ko‘plab gollar urishi mumkin edi.

Agar to‘g‘ri murabbiy bo‘lganida, bu ajoyib qaytish bo‘lardi. Ammo bunday murabbiy yo‘q edi. Uning o‘rnida Ronalduga hurmat bilan munosabatda bo‘lmagan, unga juda yomon muomala qilgan inson bor edi. Bu yigitlar Ronaldu hisobiga o‘zlarini ko‘rsatishga urinmoqda.

Men Krishtianudan bu haqda nima deb o‘ylashini so‘radim. U faqat ten Hag muhokama qilishga arzimaydigan inson ekanini aytdi», — dedi Morgan kulib.

Ma’lumot uchun, Ronaldu «Manchester Yunayted»ni 2022-yil noyabrida tark etgan. Uning klubdagi so‘nggi to‘liq mavsumida APL va Chempionlar Ligasidagi jami gollari soni 24 tani tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, ten Hag Ronaldu bilan bog‘liq muammoni yulduz futbolchilarning ham jamoa uchun ishlashi zarurligi bilan izohlagan. Uning fikricha, portugaliyalik hujumchi APL talab qiladigan yuqori intensivlikka bardosh bera olmagan.

Bugungi yangiliklar