«Andorra» darvozaboni Xesus Ovono «Tenerife» hujumchisi Xesus De Migelning vafotidan qattiq qayg‘uga tushgan. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya Segundasining 12-turi doirasidagi «Tenerife» — «Andorra» bahsining so‘nggi daqiqalarida Ovono raqib hujumchisi bilan to‘qnashib ketgan. Ko‘krak qismiga zarba tekkanidan so‘ng 30 yoshli De Migelning yuragi to‘xtab qolgan. U 3-noyabr kuni shifoxonada vafot etdi.
Manbaga ko‘ra, Ovono voqeadan keyin De Migelning ahvolini diqqat bilan kuzatib borgan. «Andorra» kiyinish xonasida ham dastlabki daqiqalardanoq jiddiy xavotir hukm surgan. Klub darvozabonning raqibga ataylab zarar yetkazish niyati bo‘lmaganini ta’kidlagan, biroq voqea juda ayanchli yakunlanganini tan olgan.
Fojiali hodisadan keyin Ovono kuchli bosimga ham duch kelgan. Uning manziliga «qotil» degan haqoratlar yangragan. Keyinchalik kelib tushgan xabarlar sabab darvozabon ijtimoiy tarmoqdagi akkauntini ham o‘chirib tashlashga majbur bo‘lgan.
Shunga qaramay, u «Andorra» vakillari va tibbiyot shtabi orqali De Migelning ahvolidan xabardor bo‘lib turgan. Ovono futbolchining oilasi va yaqinlari bilan bog‘lanishni ham rejalashtirgan, biroq bu suhbatni ommaviy bayonotlardan oldin, shaxsiy tarzda o‘tkazishni istagan.
Ma’lumot uchun, «Tenerife» va «Andorra» o‘rtasidagi bahs 2:2 hisobida yakunlangan. Ovono ushbu o‘yinning 90+7-daqiqasida maydondan chetlatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 30 yoshli Xesus De Migel 2025-yil yozidan buyon «Tenerife» safida to‘p tepib kelayotgandi. U jamoa tarkibida 36 ta bahsda 11 ta gol va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.