«Rubin» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov Fabio Kannavaro qo‘l ostida ishlash unga yoqishini aytdi.
— Kannavaro murabbiy sifatida nimasi bilan ajralib turadi?
— U — inson sifatida juda mehribon. Ham futbol maydonida, ham undan tashqarida barchaga yordam beradi. Masalan, Fabio mashg‘ulotlardan keyin ham tez-tez qolib, futbolchilar bilan individual tarzda ishlaydi. Shaxsan menga ham Kannavaro tarixdagi eng yaxshi himoyachilardan biri sifatida ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Milliy jamoadagi sheriklarimdan eshitamanki, u shaxsiy muammolar bo‘yicha ham doimo yordam berishga tayyor.
— Jahon chempionatidan keyin Kannavaro tanqidlarga uchradi.
— Bu kutilgan holat edi. Muxlislar ko‘proq narsa kutishgan. Ammo men murabbiy iste’foga chiqishga loyiq edi, degan fikrga qo‘shilmayman. O‘zbekiston milliy jamoasi tarixda birinchi marta Jahon chempionatiga yo‘l oldi. Buning o‘zi — katta yutuq. O‘ylaymanki, keyingi mundialda O‘zbekiston yanada yaxshiroq ishtirok etadi.
— Agar Kannavaro Rossiya Premer-ligasidagi biror klubni boshqarsa, uni chempion qila olarmidi?
— Menimcha, ha. U ko‘plab futbolchilarni yaxshi biladi, Fabianing murabbiylar shtabi ham kuchli. Uning ish uslubi Rossiya Premer-ligasiga ham aniq mos kelardi.
— Kannavaroning «Rubin» bosh murabbiyi bo‘lishini xohlarmidingiz?
— Ha, albatta. Menimcha, Kannavaro «Rubin»ni chempion qila olardi. Bizning jamoamiz boy tarixga ega, — dedi O‘rozov Sport24 bilan suhbatda.

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi