«Neftchi» klubi OCHL Elit musobaqasining ilk o‘yinini g‘alaba bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi. Iroqning «Eyr Fors» jamoasiga qarshi o‘tkazilgan bahsdan keyin farg‘onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanid ishtirok etdi.
- Barcha farg‘onalik muxlislarni va O‘zbekistonda bizni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha ishqibozlarni bugungi ajoyib g‘alaba bilan tabriklaymiz. Bu g‘alaba muhim edi. Doim musobaqani boshlash qiyin kechadi. O‘yindan oldin ko‘pchilik «Neftchi» bu jamoani yengil yoki yirik hisobda yutadi, deb aytishi mumkin edi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Hech qaysi jamoani qaysidir raqibni yirik hisobda yutishi kafolatlanmagan. Har bir jamoa har o‘yinga boshqa qarashlar bilan tayyorgarlik ko‘radi. Albatta, musobaqa bilan musobaqani farqi bor. Osiyo Chempionlar ligasi – bu yuqori darajadagi musobaqa. Unda oddiy jamoalar ishtirok etmaydi. Bugungi raqibimizga o‘yindan oldin yetarlicha baho berdik. Ularni o‘rganishga harakat qildik va o‘yinni nazorat qilishga urindik. Ko‘plab imkoniyatlar yaratdik. To‘g‘ri, raqibda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Afsuski, biz xohlagan vaziyatlarda gol bo‘lmadi. Shuning hisobiga qiyin kechdi. O‘yin vaqti yakunlanib borgani sari bizda ikki barobar bosim ko‘paydi va bu o‘z-o‘zidan o‘yinga ta’sir o‘tkazishni boshladi. Ko‘p holatlarda to‘p yo‘qotishga majur bo‘ldik. O‘yinni ma’lum qismida ikkita hujumchi bilan harakat qildik. O‘yin davomida bir qator sxemalarni ko‘zdan kechirishga muvaffaq bo‘ldik. Ha, bu katta tavakkalchilik edi. Lekin oldimizda boshqa yo‘l yo‘q edi. Xudoga shukr, hammasi biz xohlagandek g‘alaba bilan tugadi. Eng muhimi, g‘alaba. Qolgan narsalar bizni qiziqtirmaydi. Shukurki, birinchi qadamni qo‘yib oldik. Keyingi uchrashuvlarda ham maksimal harakat qilamiz.
- Birinchi bo‘limda futbolchilar biroz ishonchsiz o‘ynagandek bo‘ldi, balki shunday ko‘rsatma bo‘lganmi? Ikkinchi bo‘limda jamoa o‘ziga o‘xshadi. Braziliyalik yangi o‘yinchi Sasse almashtirildi, muxlislar tomonidan unga ko‘p norozichilik bo‘ldi. Sasse haqidda fikringiz qanday?
- Sasse, umuman legionerlar masalasiga keladigan bo‘lsak, jamoada jarohatlar juda ko‘payib ketdi. Ko‘rib turibsizlar, ikkinchi davradan boshlab hech qaysi uchrashuvni optimal tarkib bilan o‘tkaza olmayapmiz. Jarohatlar ko‘paygani va mavsum o‘zining eng zich hamda qizg‘in pallasiga kirayotganini hisobga olib, avvalo, rahbariyatga minnatdorchilik bildiraman. Ular bizga qo‘shimcha futbolchilarni olib berishdi. Sasseni mahoratiga shubha yo‘q. Lekin uni ham holatini to‘g‘ri tushunish kerakki, jahon chempionatidan keyin hech qaysi rasmiy o‘yinda maydonga tushmagan. Bu yerga kelib ikki marta mashg‘ulotda qatnashib, OCHLda asosiy tarkibda maydonga tushyapti. Undan ortig‘ini qila olmasdi. Rejamiz ham Sasseni bir taym davomida o‘ynatish va ikkinchi taymda yangi kuchlarni maydonga tushirish edi. Afsuski, Abror Ismoilovni eski jarohati yana qayta bezovta qildi. Shuning uchun Sasseni ikkinchi taymda ushlab turishga majbur bo‘ldik. Albatta, vaqt kerak. Ikkinchi tomoni shundaki, ular faqat OCHL Elit musobaqasida o‘ynay olishadi. Biz ularni shu o‘yinlar orqali tonusga olib kelishga majburmiz. Oldimizda boshqa yo‘l yo‘q. Bu holatdan chiqish uchun tinimsiz izlanyapmiz. Futbolchiga tushuntiryapmiz, ular bilan alohida mashg‘ulotlar boshlaganmiz. Xudo xohlasa, keyingi uchrashuvlarda ularni optimal formaga olib kira olsak, albatta jamoaga yordam berishadi. Bundan tashqari, bitta uchrashuvdan xulosa qilish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Sababi, barcha narsaga vaqt kerak. U hayoti davomida Osiyoda umuman o‘ynamagan futbolchi. Braziliya, Afrika qit’asida, Tunisda o‘ynagan. U yerdan kelib bu futbolchiga katta ta’sir qiladigan holat. Kelganiga o‘zi bir hafta bo‘lgani yo‘q. Lekin bizni qarashlarimizda u birinchi taymda imkon qadar to‘g‘ri o‘ynashga harakat qildi. To‘g‘ri, xatolar bo‘ldi, ko‘p holatlarda to‘p yo‘qotdi. Aynan taktik tomondan qaraydigan bo‘lsak, u to‘g‘ri pozisiyalarda bo‘ldi. Albatta, bu o‘yinchilar ham o‘z so‘zini aytishadi.
- Bu o‘yinda ko‘proq nimadan qoniqdingiz va nimadan qoniqmadingiz? Keyingi uchrashuvlarda nimalarni yaxshilash kerak? Shu bilan birga Jamshid Iskanderov holati bo‘yicha ham to‘xtalsangiz.
- Murabbiy hech qachon o‘yindan to‘liq qoniqmaydi. Ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlar juda ko‘p. Bugun ko‘zga tashlangan asosiy muammolar – himoyadan hujumga o‘tishda tezlik yetishmayapti. Mavsum yakunlanyapti, futbolchilarda charchoq kuzatilishi tabiiy holat. Har 4-5 kunda uchrashuvlar o‘tkazyapmiz. Doimiy ravishda futbolchilardan intensiv futbol talab qilamiz. To‘p nazorati biz uchun hech narsani bermaydi. Murabbiy sifatida to‘p nazoratiga e’tibor qaratmayman. Men uchun eng ahamiyatli narsa – biz raqib jarima maydoni ichiga qanchalik tez yetib borishimiz va u yerda qanchalik ko‘p vaziyatlar yaratishimiz muhim. Kimdir 300-400 ta pas o‘ynab, darvozaga bir bor zarba berishi mumkin. Kimdir ikkita pas o‘ynab darvozaga zarba yo‘llashi mumkin. Futbolni asl mohiyati ham ko‘proq gol urish. Shuning uchun o‘yinchilardan doimiy ravishda faqat oldinga, hujumkor futbolni talab qilamiz. Lekin masalani ikkinchi tomoni shundaki, hujumkor futbol katta kuchni talab qiladi. Har safar oldinga o‘ynaganingizda to‘p yo‘qotish xavfi ko‘proq bo‘ladi. Shuni ko‘rib muxlislar ko‘p xato qilyapti, deyishlari mumkin. Yo‘q, ko‘p xato qilayotganimiz yo‘q, hujumkor o‘ynaganimiz uchun iloji yo‘q xato qilyapmiz. Doim oldinga o‘ynash qiyin. Kim xato qilmaydi? Oldinga o‘ynamaydigan xato qilmaydi. Orqaga yoki yonga o‘ynaydigan bo‘lsa, uchrashuvni bexato o‘tkazishi mumkin. Ko‘nglim to‘lmayotgani aynan himoyadan hujumga o‘tishda tezlik yetishmayotganidir. Jamshid Iskanderovni jarohatiga keladigan bo‘lsak, u davolanish jarayonida. Shifokorlarimiz alohida dastur asosida ishlashyapti. Yaqin kunlarda jamoa safiga qaytishi kutilyapti.
- Yuqorida aytganingizdek, taqvim ancha zich. Superliga, Kubok bahslari va OCHL Elit o‘yinlari mavjud. Orada FIFA kunlari ham bor. Shu vaqt davomida jamoani formada ushlab turish uchun o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etish rejada bormi?
- FIFA kunlarini hammadan ham ko‘ra ko‘proq kutyapmiz. Sababi, jarohatdagi futbolchilarimizni formaga qaytarib olish uchun shu dam kunlari bizga kerak. Bundan maksimal foydalanishga harakat qilamiz. Bu jarayonda albatta o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Lekin raqiblar bo‘yicha aniq yakuniy qarorlar yo‘q. Hammasi aniq bo‘lgach, jamoa matbuot xizmati bu bo‘yicha e’lon qiladi», - deya Islom Ismoilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi