OChL Elit musobaqasining 2-turida «Neftchi» safarda Saudiya Arabistonining «An Nasr» klubiga qarshi maydonga tushdi. O‘yin esa 3:1 hisobida Ronalduning jamoasi foydasiga hal bo‘ldi.
Bellashuv yakuniga yetgach, «Neftchi» ustozi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yinning 30-daqiqasigacha tartibli futbol o‘ynayotgandik. Bitta xato, muvozanatni yo‘qotish golga olib keldi va undan keyin ikkinchi golni ham o‘tkazib yubordik. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qaytishga harakat qildik va hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldik. Afsuski, olingan qizil kartochka baribir o‘yinimizga ta’sir qildi. Shunda ham jamoa xarakter ko‘rsatdi. 10 kishi bo‘lib qolishimizga qaramasdan, bir qator hujumlar uyushtirdik. Albatta, «An Nasr»dek yuqori darajadagi jamoaga qarshi 10 kishi bo‘lib o‘ynash yoki doimiy himoyada harakat qilish ham qiyinchilik tug‘diradi. O‘ylaymanki, maksimal darajada harakat qildik. Futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Ularga hech qanday e’tirozim yo‘q.
- Qizil kartochka olgan bo‘lsanglar ham oxirigacha kurashdinglar. Shu bois futbolchilaringizga nima demoqchisiz?
- O‘yindan keyin futbolchilarga minnatdorchilik bildirdik. Bitta o‘yin va shu bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Oldinda bizni juda ko‘plab uchrashuvlar kutib turibdi. Hozir nimadandir xafa bo‘lishga yoki achchiq qilishga vaqtimiz yo‘q. Chunki yana 3 kundan keyin o‘ynashimizga to‘g‘ri keladi. Hozir faqat ruhiyatni ko‘tarishimiz va oldinga qarab intilishimiz kerak. Boshqa yo‘limiz yo‘q.
- «Neftchi» yana bir gol urgandi, ammo ofsayd tufayli hisobga olinmadi. Umuman olganda, o‘sha hisobga olinmagan gol va qizil kartochkaga munosabatingiz?
- To‘g‘risi, hali ikkala vaziyatni ham ko‘rib chiqqanim yo‘q. Hozir bu borada fikr bildira olmayman.
- Birinchi turda g‘alaba qozongandinglar. Ikkinchi turda esa mag‘lub bo‘ldinglar. Endi jamoada nimani to‘g‘rilamoqchisiz? Bundan tashqari, olingan qizil kartochka endi jamoaga qanchalik ta’sir qiladi?
- Albatta, har bir uchrashuvdan keyin to‘g‘rilashimiz kerak bo‘lgan jihatlar juda ko‘p. Har bir o‘yin bizga juda katta dars beradi, ayniqsa, mana shunday yuqori darajadagi klublarga qarshi o‘yinlar. Masalan, birinchi turda uyimizda raqibga qarshi 4-3-3 sxemasida o‘ynagan bo‘lsak, «An Nasr»ga qarshi 5-4-1 sxemasida harakat qildik. Har bir o‘yinga tayyorlangan reja hamda taktik ishlanmalar bor. Xatolarni ko‘rib chiqamiz va raqibning xatolarini o‘rganamiz. Shulardan xulosa qilgan holda har bir bahsga tayyorlanamiz. Aynan qaysidir jihatni ko‘rsata olmayman, chunki to‘g‘rilashimiz kerak bo‘lgan holatlar juda ko‘p. Masalan, yutgan taqdirimizda ham xatolarimiz ko‘p bo‘ladi. Futbol shunisi bilan qiziq. Siz bir xatoni to‘g‘rilaysiz va keyin boshqa xato yuzaga chiqadi. Kutilmagan holatlarga boy o‘yin bo‘lgani bilan futbol boshqa sport turlaridan ajralib turadi.
Qizil kartochkaga kelsak, boya aytganimdek, bu vaziyatni hali ko‘rganim yo‘q. Hakamlar bor, VAR bor, demak, qizil kartochka bor, shekilli.
- Yangi kelgan futbolchilar qanchalik ishonchni oqlashyapti?
- Albatta, bu murabbiylar shtabi uchun ham juda bosh og‘riqli vaziyat edi. Oldimizda boshqa yo‘limiz yo‘q edi. Sababi, futbolchilarni aynan Chempionlar ligasi uchun sotib olganmiz. Ularni o‘ynatishga majbur edik. Uchta yangi futbolchi asosiy tarkibda o‘yinni boshladi. Mixelga kelsak, u uzoq vaqt o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagandi. Sasse ham asta-sekin jamoaga qo‘shilyapti. Markus Forss uchun bu debyut o‘yini edi. Baribir bu har qanday futbolchiga ta’sir qiladi. Sababi, uchala o‘yinchi ham uzoq vaqt o‘yin amaliyotisiz bo‘lishgan. Lekin oldimizda boshqa yo‘l, boshqa imkoniyatimiz yo‘q edi. Ularni o‘ynatishimiz kerak. Aynan OChL Elit musobaqasida o‘ynatish uchun olganmiz.
Biz chempionat va Kubok bahslarida qatnashyapmiz. Uchta frontda o‘ynash oson emas. Lekin uchala o‘yinchi ham o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. Yomon harakat qilishmadi. Ularga vaqt kerak. Bir-ikkita o‘yin bilan futbolchi bor mahoratini ko‘rsata olmaydi. Moslashish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Har bir futbolchimizga ishonamiz. Hamma jamoa uchun borini beradi», - deya Islom Ismoilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi