Oʻzbekiston kubogi 2-turidan oʻrin olgan “Andijon” – “Nasaf” (1:1) oʻyinidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov savollarga javob qaytardi.
— Xohlarmizmi-yo'qmi, baribir “Nasaf” — O'zbekistonni eng yaxshi jamoalaridan biri. Ularda bir-ikki futbolchi yo'q bo'lsa ham, yurib kelayotgan mexanizm bor. O'yinchilarining yo'qligi u qadar sezilmadi ham. O'yinning qiyin o'tishini bilardik. Lekin Xudoga shukur, futbolchilarimiz yaxshi harakat qilishdi. Ayniqsa, birinchi bo'limning 30-daqiqasigacha ajoyib o'yin ko'rsatishdi. Shundan keyin biroz raqibni orqaroqda kutib oldik. Shuning hisobiga va oraliq masofalarning kattalashgani sabab tashabbusni biroz berib qo'ydik. Ikkinchi bo'lim boshini ham shunaqa o'tkazganimiz evaziga to'p o'tkazib yubordik. Umuman olganda, yomon emas. Ko'p hujumlar qildik, yig'itlar yaxshi harakat qilishdi. O'yinni ko'rib, tahlil qilib chiqamiz. Xatolar ustida ishlaymiz. Bizga har bir uchrashuv tajriba bo'lyapti.
— Zaxiradan maydonga tushayotgan futbolchilar avvalgi o'yinlarda faol ishtirok etishayotgan edi. Bu safar biroz sustroq bo'lgandek. Bu toliqish bilan bog'liqmi yoki boshqa sababi bormi?
— Balki shunaqadir. O'yinni ko'rib chiqqandan keyin tahlil qilamiz. Biroq ularni ham yomon o'ynadi, deb ayta olmaymiz. Sababi, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilarimiz o'yinni kuchaytirishdi. Ular o'yinga qo'shilgach, ko'proq hujumlar qildik. Vaziatlarimiz ko'p bo'ldi. Yomon o'ynashgani yo'q. Ko'nglimiz to'ldi, qoniqdik.
— Jamoaning g'alaba qozona olmaganiga nima yetishmadi, deb o'ylaysiz?
— Qayerdadir omad yetishmadi. Sababi — ko'p hujum qildik, ammo golga aylantira olmadik. Agar hech qanday hujum qilmaganimizda kamchiliklarimiz borligi haqida aytishimiz mumkin edi. Hujumlar qildik, to'pni nazorat qildik va yakuniy zarbani berishda ularning darvozaboni ham yaxshi harakat qildi, omad ham kelmadi va to'p darvozaga kirmadi.
— Tarkibda rotatsiyalar ko'p bo'lyapti. Bu holatga nima deya olasiz?
— Iloji boricha ichki raqobatni kuchaytiryapmiz. O'yin uchun oxirgi kungacha barcha futbolchilarni ko'ryapmiz va yakunda kim tayyor bo'lsa, o'shalarni maydonga tushiryapmiz. Raqibga qarab o'yin uslubimizni ham o'zgartirayotgan paytlar bo'lyapti va shunda o'z-o'zidan boshqa futbolchilar ham tushyapti.
— So'nggi turda safarda "Havokand"ga qarshi o'ynaysizlar. Ushbu o'yinda yoshlarga ham imkoniyat berasizmi? Masalan, Hamidullo Karimov va shunga o'xshash...
— Xudo xohlasa, qo'ldan kelganicha imkoniyat beramiz. Shunchaki, yengil qarash kerak emas. Raqibni hurmat qilgan holda yoshlarimizga ham imkoniyat berishga harakat qilamiz, — deya Ahmedovning so'zlarini keltiradi klub matbuot xizmati.
Islom Ahmedov — "Nasaf" bilan durang, rotatsiya va 3-turdagi o'yin haqida
Futbol
21 may, 17:15
"Andijon" bosh murabbiyi O'zbekiston kubogi 2-turidagi bahsdan so'ng savollarga javob berdi.
Foto: FC Andijon
21.05.2026
FT
Oʻzbekiston Kubogi
Andijon
1
:
1
Nasaf Qarshi