Qarshining «Nasaf» klubi yozgi tanaffusdan keyin chempionatni ajoyib g'alaba bilan boshladi. Toshkentda «Bunyodkor»ga qarshi bo'lib o'tgan muhim bahsda «Ajdarlar» iroda ko'rsatib, raqibini 1:3 hisobida mag'lub etib, g'alaba qozonishdi.
«Nasaf»ning mana shunday yoqimli g'alabasidan so'ng jamoa bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiyev matbuot anjumanida bir qator savollarga javob qaytardi.
- 10-15 daqiqa davomida o'yinni yomon boshladik. Ustiga-ustak gol o'tkazdik. Goldan keyin balki vaziyatni o'nglash uchun yigitlarimiz o'zlarida kuch topa olishdi. Bunday issiqda to'pni nazorat qilish juda muhim edi va yaxshi nazorat qildik. Vaziyatlardan ham unumli foydalandik va bu bizga g'alaba berdi. Albatta, bugungi raqibimiz ham oddiy jamoa emasdi. Biz yaxshi jamoani mag'lubiyatga uchratib, uch ochkoni qo'lga kiritdik. Temp juda yuqori bo'lmagandir. Chunki bunday issiqda temp u qadar yuqori bo'lmaydi. Shunga qaramasdan futbolchilarimiz maydonda sifatli o'yin ko'rsatishga harakat qilishdi.
- Uzoq kutilgan g'alaba bilan tabriklayman. «Nasaf»ni turnir jadvalidagi hozirgi o'rni o'ziga yarashadigan holatda emas. Qolaversa, yozgi transfer oynasida ham hozircha «Nasaf»dan yangilik kutmayapmiz. 10 yillik murabbiylik faoliyatingizda joriy mavsumdagisi eng qiyini desak bo'ladimi?
- Nima uchun bu g'alabani uzoq kutdik, dedingiz? Kubok o'yinlari bunga kirmaydimi? Savol to'g'ri bo'lishi kerak-da. Biz Kubok musobaqasida ham uchrashuvlar o'tkazdik. Albatta, ushbu mavsum biz uchun og'ir bo'lishini bilardik. 10 ta eng yaxshi yetakchilarimiz klubni tark etishganida bu har bir jamoaga qattiq ta'sir qiladi. Shunga qaramasdan vaziyatni o'nglab, ichimizdagi zaxiradan foydalanib, yoshlarga imkoniyat berib, bor mahsulotdan o'yinimizni qurishga harakat qilyapmiz. Ikkinchi davrada o'yinlarimiz ko'p bo'ladi. Xalqaro o'yinda ham qatnashishimiz kerak. Shuning uchun rahbariyat bilan bu masalada suhbatlashyapmiz. Shunchalik moliyaviy qiyin sharoitda ham bizga imkoniyat yaratib berib, ikki-uchta pozitsiyaga o'yinchilar kerak bo'lishini ta'kidladik. Bizga yordam bermoqchi va bu albatta amalga oshadi. Ko'rdinglar, bitta asosiy tarkibimiz bor. Zaxirada o'tirganlarni bari esa yosh o'yinchilar. Yana bilamizki, ikkinchi davra o'rtalarida olimpiya terma jamoasini yig'inlari, o'yinlari boshlanadi. Shu bois bizga transfer masalasida o'yinchilarni olishimiz juda muhim. Buni albatta amalga oshirishga harakat qilamiz.
- Shala ham, Sokari ham qaydnomada yo'q ekan. Menimcha, hali ularni shartnomalari bor edi. Ularga javob berib yuborildimi?
- Yo'qmi, demak bu kelishuv amalga oshirilgan. Shartnomasi yakunlanishiga bir oy qolgandi. Shu bois shartnomani bekor qildik. Qolaversa, jarohati sababli tiklana olmadi. Shuning uchun mashg'ulotlarda ham qatnashtirmadik. Shala esa oxirgi paytlarda yig'inda ishtirok etmadi, yengil jarohat bor edi. Hozirda yig'inda to'liq qatnashgan ko'p yigitlarimizning holati juda yaxshi. Ammo Shala, G'olib, Umarda o'yin amaliyoti bo'lmagani sezilyapti.
- «Nasaf» xalqaro maydonda ham o'ynaydi. Legionerlar olish rejasi bormi?
- Hozir bu savolga javob berib o'tdim. Biz rahbariyat bilan bu haqida gaplashyapmiz. Albatta, buni amalga oshirishimiz kerak bo'ladi.
- Jahon chempionatida murabbiylardan o'zingiz uchun nimadir o'rganayapsizmi?
- Barcha o'yinlarni imkon qadar kuzatishga harakat qilyapman. Lekin bir narsani aytish kerak, tendensiya, bu narsa qolib ketyapti. Jamoa kimda yaxshi shakllangan bo'lsa, bu yaxshi natija beryapti. Oxirgi yillarda ko'rdikki, jamoalar ko'p himoyaga jiddiy e'tibor qaratib, qarshi hujumlarda harakat qilishgan edi. Lekin Ispaniya bilan Fransiya o'yinini kuzatib, shunga amin bo'ldimki, baribir tartibli o'yin yoki o'yinni to'liq nazorat qilishi, individual futbolchilarni ham yopib qo'yishi – bu natija berishini Ispaniya misolida ko'rdim. Albatta, ko'p murabbiylar borki, har xil taktika tanladilar. Lekin e'tibor bergan bo'lsangizlar, joylashuvlarda ko'p narsa o'zgarmadi. Chempionatda ruhiy tomondan jamoalarni tayyorlanishi menimcha birinchi o'ringa chiqyapti. Argentinaliklarning ruhiy tayyorgarligi, har bir uchrashuvga bo'lgan ishtiyoqi hammadan yuqori ko'rinyapti. Kecha yana bir bor bunga amin bo'ldik. Oxirigacha kurashadigan jamoaligini yana ko'rsatdi. O'yin mazmuni u qadar zo'r bo'lmagandir, biroq ruhiy tayyorgarligi, g'alabaga bo'lgan ishonchi hamda ishtiyoqi, murabbiylarni ruhiy tarafdan yaxshi tayyorlayotganiga amin bo'lyapmiz. Marokash, Shveytsariya yoki Norvegiya terma jamoalarini o'yinga tayyorgarligini ko'rdik. Menimcha, futbolchilarni darajalari biroz past bo'lsa ham, ammo hech kimdan qo'rqmasligi, har bir raqibga qarshilik ko'rsatishi, maydonda “avtoritet” yo'qligini ruhiy tarafdan ko'rsatib qo'yishdi. Shuning uchun ular kuchli raqiblarga ham bemalol qarshilik ko'rsata oldilar. Sportda jangovarlik, ruhiy tayyorgarlik ko'p narsani hal qiladi. Murabbiylar chempionatda ham bu narsaga ko'p e'tibor qaratishmoqda. Taktik va texnik jihatdan esa ko'p narsa o'zgaryotgani yo'q. Bular mening shaxsiy fikrlarim.
- Mundiyalda suv ichib olish uchun alohida to'xtalishlar bo'lyapti. Masalan, chempionatimizda ham qo'llanilyapti. Bu qanchalik kerak?
- Bugungi uchrashuvda bu narsa juda ham kerak edi. Bunday havoda zarur edi. Lekin Amerikada, Meksikada qanaqa ob-havoligini bilmaymiz. Buni ustida ko'p ishlashgan, so'rovlar o'tkazishgandir. Kimdir o'zidan-o'zi o'ylab topmaydi. Qaerdadir havo og'irroq bo'lsa, bu futbolchilarni organizmiga ta'sir qilishini o'ylab, menimcha shunday yo'l tutilgan. Albatta, tempga ta'sir qilishi mumkin. Bir tarafdan og'ir mavsumni o'tkazgan futbolchilar uchun ham zarur. Yoki murabbiylar uchun ham qaerdadir o'zgarish qilish, jamoaga nimanidir yetkazish uchun ham bu muhim.
- Bobir Abduholiqov o'yinda ikkita gol urishga erishdi. Bu haqida nima deya olasiz?
- Bobir juda muhim ikkita golni urdi. Yutqazib turganimizda vaziyatni topib uni amalga oshirdi. Hujumchiga xos harakat qildi. Ikkinchi golini stadionda hech kim, biz ham kutmagandik. Kutilmaganda qaror qilishi va buni bajarishi jamoamizga qo'l keldi. Otubanjoni jarima maydoni ichida shunaqa yengil harakatlari bor. Nostandart harakat qilib, darvozabonni ham aldab o'tishi texnikasi yuqoriligini ko'rsatdi va imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qildik. Ikkalasi ham gol urib, g'alabaga munosib hissa qo'shishdi. Ishonchni oqlashdi.
- Mutaxassis sifatida jahon chempionatida qatnashgan milliy jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaroga va «Nasaf» futbolchilariga qanday baho berasiz?
- Futbolchilarni holati qanaqa bo'lganini bizdan ko'ra Kannavaro yaxshi biladi. Abduvohidda ham albatta xatolar bo'ldi. O'zi bilan suhbatlashib, bu haqida gaplashdim. Eng asosiysi, Ne'matov bu vaziyatdan chiqishi va unutilishi kerak. Bunday qiyin vaziyatdan chiqib ketish kuchli insonga xos bo'ladi. Shu bois bu haqida u bilan ko'proq suhbatlashdim. Maqsadimiz jahon chempionatida qatnashish edi, bunga erishdik. Bizga dars bo'ldi. Xato va kamchiliklar bo'ldi. Bularni tuzatib, endi jahon chempionatlarida muntazam qatnashishimiz kerak», - deya Berdiyevning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.