Germaniya futbol ittifoqi (DFB) 2038 yoki 2042 yilgi Jahon chempionatini o‘tkazish uchun nomzodini ilgari surishni rejalashtirmoqda.
DFB boshqaruvi a’zosi Aksel Xellmannning aytishicha, mamlakatda mundialni qabul qilish uchun zarur infratuzilma allaqachon mavjud.
«Biz ushbu turnirni mamnuniyat bilan qabul qilardik. DFB ham, uning prezidenti Bernd Noyendorf ham 2042 yil, ehtimol 2038 yil uchun ham ariza topshirishni istaydi. Barchasi FIFA reglamentiga bog‘liq.
Germaniyada stadionlar, transport va mehmonxona infratuzilmasi mavjud. Har bir bahs to‘liq stadionlarda o‘tadi. Bu muvaffaqiyatli turnir bo‘ladi. Mamlakatimizda buning uchun zarur barcha sharoit bor», — dedi Xellmann.
Ma’lumot uchun, 2030 yilgi Jahon chempionati Ispaniya, Portugaliya va Marokashda, shuningdek Urugvay, Argentina va Paragvayda ayrim bahslar bilan o‘tkaziladi. 2034 yilgi mundial mezbonligi esa Saudiya Arabistoniga berilgan.