UEFA FIFA prezidenti Janni Infantinoning Jahon chempionatining tijoriy huquqlaridagi ulushlarni xususiy investorlarga sotish rejasiga munosabat bildirdi.
Tashkilot bayonotida bu tashabbus futbol boshqaruvi uchun qabul qilib bo‘lmaydigan chegaradan o‘tishi ta’kidlangan.
«Bu futbol boshqaruv organlari hech qachon bosib o‘tmasligi kerak bo‘lgan chegaradir. UEFA bunga juda jiddiy qaramoqda. Milliy futbol assotsiatsiyalari, ligalar, klublar, futbolchilar, muxlislar, hukumatlar va futbol kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir inson ham bunga jiddiy yondashishi kerak.
Futbolning ruhi va boshqaruv tizimi savdo qilinadigan aktiv emas. Ayniqsa, bundan kim moliyaviy foyda olishi borasida shaffoflik bo‘lmagan bir paytda. Hech birimiz futbolning egasi emasmiz. FIFA esa uni sotishga haqli emas», — deyiladi UEFA bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq The Times nashri Janni Infantino Jahon chempionatining tijoriy huquqlaridagi ulushlarni xususiy investorlarga sotish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergandi.