Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan Millatlar Ligasi 4-tur doirasidagi Belgiya ustidan qozonilgan 4:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Birinchi golni urib, o‘yinga qaytishimiz juda muhim edi. Bu bizga tashabbusni biroz o‘z qo‘limizga olish imkonini berdi. Birinchi bo‘limni ham ancha yaxshi boshladik, ammo maydonning so‘nggi uchdan bir qismida tezlik yetishmadi.
Agar uchrashuvning to‘liq 90 daqiqasiga nazar tashlasak, g‘alabaga munosib edik, deb o‘ylayman. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik.
Hozir hammasi juda yaxshi kechmoqda. Biz qo‘lga kiritgan 10 ochko — futbolchilarning mentaliteti va ular bilan amalga oshirgan ishlarimiz samarasi. Bu guruhdagi futbolchilar bir-biri bilan juda yaxshi til topishmoqda. Ular bilan ishlash ajoyib va bu biz uchun juda ijobiy jihat», — dedi Zidan.
Fransiya shu tariqa Millatlar Ligasidagi to‘rtta uchrashuvdan keyin 10 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Belgiyaliklar hisobida esa hozircha 6 ochko mavjud.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi