«Milan»ning qanot hujumchisi Kristian Pulishich faoliyatini Turkiya chempionatida davom ettirishi mumkin.
Tuttomercato xabariga ko‘ra, AQSH milliy jamoasi futbolchisi yozgi transfer oynasida hujum chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirayotgan «Galatasaroy»ning asosiy transfer maqsadlaridan biriga aylangan.
Biroq manbaning ta'kidlashicha, «Milan» 27 yoshli futbolchini sotishni rejalashtirmayapti. Klub rahbariyati, jumladan, klub egasi Jerri Kardinale ham Pulisichni jamoaning asosiy yetakchilaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
Amerikalik futbolchi 2025/26 yilgi mavsumda «rossoneri» safida barcha musobaqalarda 34 ta bahsda maydonga tushib, 10 ta gol va 4 ta golli uzatma muallifiga aylandi.
Qayd etish joiz, Kristian Pulishichning «Milan» bilan amaldagi shartnomasi kelasi yozgacha amal qiladi. Shu bois uning kelajagi yozgi transfer oynasining asosiy mavzularidan biriga aylanishi mumkin.