Bugun
11
O'zbek

Futboldagi eng qimmat brendlar: «Real Madrid» — €2,4 mlrd

Futbol
3 sentabr, 03:51
    5
Brand Finance hisobotiga ko‘ra «Real Madrid» 2026-yilda dunyodagi eng qimmat futbol brendiga aylandi.
Futboldagi eng qimmat brendlar: «Real Madrid» — €2,4 mlrd
Foto: Madrid Universal

Madrid klubi brendi qiymati 2,398 mlrd yevroni tashkil etgan. Football 50 reytingidagi eng qimmat 50 klub brendining umumiy qiymati esa rekord daraja — €23,9 mlrdga yetgan.

2026-yildagi eng qimmat 10 futbol brendi

«Real Madrid» uchinchi yildirki reytingda birinchi o‘rinni egallab turibdi. Ispaniya klubidan keyin «Barselona» (€1,973 mlrd) va «Arsenal» (€1,536 mlrd) joy olgan.

Kuchli o‘nlikka shuningdek «Bavariya» (€1,515 mlrd), «Pari Sen-Jermen» (€1,503 mlrd), «Manchester Siti» (€1,481 mlrd), «Liverpul» (€1,469 mlrd), «Manchester Yunayted» (€1,438 mlrd), «Chelsi» (€955 mln) va «Borussiya Dortmund» (€664 mln) kirgan.

Top-10 klubning umumiy brend qiymati €14,9 mlrdni tashkil etadi. Bu Football 50 reytingidagi umumiy qiymatning 60 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi.

«Real Madrid» brend kuchi indeksi (BSI) bo‘yicha ham birinchi o‘rinda. Klub 100 balldan 95,8 ball to‘plagan. Bu ko‘rsatkich Brand Finance tomonidan dunyo bo‘yicha tahlil qilingan 281 klub orasida eng yuqori natija bo‘lgan.

«Arsenal» esa 22 yillik tanaffusdan keyin Angliya chempionligini qo‘lga kiritgach, brend qiymatini 28 foizga oshirdi va 94,0 balllik BSI natijasi bilan «Manchester Yunayted»ni ortda qoldirib, Buyuk Britaniyadagi eng kuchli futbol brendiga aylandi.

Brend qiymati eng ko‘p oshgan va pasaygan klublar

Reytingda brend qiymati eng yuqori sur’atda o‘sgan klub «Shtutgart» bo‘ldi. Germaniya jamoasining brendi deyarli ikki barobarga oshib, 99 foizlik o‘sish bilan €183,5 mlnga yetgan.

«Aston Villa» esa Brand Finance tomonidan 2026 yilda «kuzatish kerak bo‘lgan brend» deb topilgan. Klub brendi qiymati 60 foizga o‘sib, €483,5 mlnni tashkil etgan. Bunga jamoaning qirq yildan ortiq vaqtdan keyin ilk bor Chempionlar ligasida ishtirok etgani ham ta’sir ko‘rsatgan.

Top-10 klub orasida brend qiymati pasaygan yagona jamoa «Chelsi» bo‘ldi — uning ko‘rsatkichi 1 foizga kamayib, €955 mlnni tashkil etgan.

Reytingdagi barcha klublar orasida eng katta tasdiqlangan pasayish esa «Yuventus»da qayd etildi. Italiya klubining brend qiymati 17 foizga tushib, €419 mlnga qolgan.

Brend qiymati bo‘yicha mamlakatlar

Football 50 reytingidagi klublar brendlarining umumiy qiymati bo‘yicha Angliya katta ustunlikka ega. Unga reytingdagi umumiy brend qiymatining 41,6 foizi va 50 klubdan 20 tasi to‘g‘ri keladi.

Keyingi o‘rinlarda Ispaniya — 23,0 foiz va 7 klub, Germaniya — 15,1 foiz va 9 klub, Italiya — 8,3 foiz va 5 klub, Fransiya — 6,8 foiz va 2 klub, Portugaliya — 2,8 foiz va 3 klub, Niderlandiya — 1,3 foiz va 2 klub hamda Braziliya — 1,0 foiz va 2 klub joylashgan.

Ligalarning brend kuchi

Milliy futbol chempionatlari orasida APL dunyodagi eng kuchli brend maqomini saqlab qolgan. Angliya chempionati brend kuchi bo‘yicha «La Liga», Bundesliga, A Seriya va Liga 1dan ustun kelgan.

Brand Finance ma’lumotlari futbolda klubning sportdagi natijalarigina emas, balki uning global tanilishi, muxlislar bazasi va tijoriy salohiyati ham tobora katta iqtisodiy qiymatga ega bo‘layotganini ko‘rsatadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Real Madrid Real Madrid
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5 izoh +5 ta yangi
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar