Bu haqda Ispaniyaning Marca nashri xabar berdi.
«Fulhem» klubi «Real Madrid»ning 18 yoshli yarimhimoyachisi Tiago Pitarchga qiziqish bildirmoqda.
London klubi bu yozda yangi bosh murabbiy Alvaro Arbeloaning sobiq jamoasi «Real Madrid»dan futbolchilarni faol ravishda jalb qilmoqda. Avvalroq «Fulhem» Sezar Palasios va Ispaniya U-21 jamoasi hujumchisi Gonsalo Garsiyani transfer qilish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ikki futbolchi uchun umumiy transfer summasi 50 million yevro atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Endi esa «Fulhem» «Real»dan uchinchi futbolchi — Tiago Pitarchni ham o‘z safida ko‘rmoqchi.
18 yoshli yarim himoyachi 2023-yilda «Real Madrid» akademiyasiga qo‘shilgan. Joriy yilning fevralida Chempionlar ligasida asosiy jamoa safida debyut qildi va 2025/26-yilgi mavsum yakuniga qadar asosiy jamoa tarkibida barcha musobaqalarda 16 ta o‘yinda maydonga tushdi.
Pitarch ayniqsa Alvaro Arbeloa qo‘l ostida o‘zini yaxshi ko‘rsatgan. Yosh futbolchi murabbiyning ishonchini qozongan va Arbeloa «Fulhem»ga ketganidan so‘ng, u bilan yana birga ishlashni istamoqda.

«Real Madrid» esa hozircha Pitarchni asosiy jamoada emas, «Kastilya» safida qoldirishni rejalashtirmoqda. Shu sababli uning kelasi mavsumda Joze Mourinyo boshqaruvidagi asosiy jamoada yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi haqiqatdan yiroq masala.
Ma`lumotlarga ko‘ra, Pitarchning taxminiy transfer narxi 20 million yevro atrofida baholanmoqda.
Agar transfer amalga oshsa, «Fulhem» bu yozda «Real Madrid»dan birdaniga uch futbolchi olgan bo‘ladi. Arbeloa esa sobiq shogirdlarini yangi jamoasida birlashtirishi mumkin.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi