FIFA JCH-2026 pley-off bosqichidagi penaltilar seriyasi qoidalariga o‘zgartirish kiritishni rejalashtirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, FIFA ushbu masala yuzasidan futbol qoidalarini belgilovchi Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) bilan muzokaralar olib borgan. O‘zgarishlar turnir davom etayotganiga qaramay joriy etilishi mumkin.
Hozirgi tartibga ko‘ra, penaltilar seriyasi oldidan ikkita tanga tashlanadi. Birinchisi qaysi jamoa birinchi bo‘lib zarba berishini, ikkinchisi esa qaysi darvoza tanlanishini aniqlaydi.
FIFA esa faqat bitta qur’a tashlash tizimini joriy etishni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, qur’ada g‘olib chiqqan jamoa birinchi bo‘lib tanlov qiladi — ya’ni birinchi zarbani tepish yoki darvozani tanlash huquqiga ega bo‘ladi. Mag‘lub tomon esa qolgan variantni tanlaydi.
FIFA vakillari ushbu o‘zgarish penaltilar seriyasini yanada adolatli qilishiga ishonmoqda.
Ma’lumot uchun, penaltilar seriyasi qoidalariga o‘zgartirish kiritish vakolati IFABga tegishli. Agar taklif ma’qullansa, yangi tartib JCH-2026 pley-off bosqichidayoq amaliyotga joriy etilishi mumkin.