Endrik kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgani sababli yanvar oyida «Real»ni tark etishga qaror qildi. AS nashri xabariga ko‘ra, 20 yoshli hujumchini ijaraga olishga «Roma» va «Sporting» klublari qiziqish bildirmoqda.
Portugaliya klubi bosh murabbiyi Paulu Fonseka avval Endrik bilan «Lion»da birga ishlagan. Braziliyalik futbolchi o‘tgan mavsumda Fransiya jamoasida ijara asosida to‘p tepgan. «Sporting» allaqachon hujumchini mavsumning ikkinchi yarmi uchun tarkibga qo‘shish borasida amaliy qadamlarni tashlagan.
Shu bilan birga, Endrik hali qaysi klubda faoliyatini davom ettirish borasida yakuniy qarorga kelmagan. U ijara variantidan tashqari, «Real» futbolchiga bo‘lgan huquqlarning bir qismini saqlab qolishi yoki qayta sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishi sharti bilan to‘liq transferni ham istisno qilmayapti.
Ma’lumot uchun, Endrik ushbu mavsum «Real» safida barcha musobaqalarda yettita bahsda qatnashib, jami 140 daqiqa maydonda bo‘lgan. U faqat bir marta — «Sevilya»ga qarshi 4:1 hisobidagi g‘alabali bahsda asosiy tarkibda maydonga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, braziliyalik hujumchi 2024 yil yozida «Palmeyras»dan «Real»ga ko‘chib o‘tgan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi