«Inter» klubi va Niderlandiya milliy jamoasining sobiq yarimhimoyachisi Uesli Sneyder Portugaliya safida Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq yuzaga kelgan mojaro haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, hujumchi UEFA Millatlar ligasi doirasidagi Norvegiyaga (2:1) qarshi bahsda maydonga tushmaganidan so‘ng milliy jamoa qarorgohini o‘zboshimchalik bilan tark etgandi. Shundan so‘ng u bayonot e’lon qilib, Jorje Jezushni unga berilgan va’dalarni buzganlikda aybladi. Jumladan, murabbiy matbuot anjumanida Krishtianu bilan kelishilgan gaplardan boshqacha fikr bildirganini ta’kidladi.
5 noyabr kuni esa Ronaldu milliy jamoadagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.
«Bu — hurmatsizlik. Men buni haqiqatan ham hurmatsizlik deb hisoblayman. Jiddiy aytyapman. Murabbiy bu haqda u bilan boshidanoq gaplashishi kerak edi. Masalan: “Quloq sol, mening fikrim shunday”, deb ochiq aytishi lozim edi.
Uning eng so‘nggi o‘yinida bunday vaziyat yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak edi! Bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! Murabbiy sifatida sen aqlliroq ish tutib, unga shunday deyishing kerak: “Quloq sol, kel, hozir bir piyola qahva ustida suhbatlashamiz. Men seni boshqa maydonga tushirmayman. Bunga qanday qaraysan?”
Shunda qaror qabul qilish huquqi uning o‘zida qolardi, shunday emasmi? Hech bo‘lmaganda, u bilan yuzma-yuz gaplashgan bo‘lardingiz. Keyin esa barcha masalalarni birgalikda hal qilishingiz mumkin edi», — dedi Sneyder Ziggo Sport telekanali efirida.
«Bu — hurmatsizlik». Sneyder Ronaldu-Jezush mojarosida murabbiyni tanqid qildi
Futbol
11 noyabr, 05:30
11
Niderlandiyalik sobiq futbolchining fikricha, murabbiy 41 yoshli hujumchi bilan ochiq gaplashib olishi kerak edi.
Foto: Getty Images
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi