Live
1
O'zbek

Misrlik sobiq hakam: «Hakamning qarori to‘g‘ri»

Eksklyuziv
11 noyabr, 04:26
Sobiq hakam Tribuna.uz uchun intervyu berdi.
Misrlik sobiq hakam: «Hakamning qarori to‘g‘ri»
Фото: Getty Images

Superliganing 27-turida bo‘lib o‘tgan «Andijon» va «Lokomotiv» uchrashuvining 42-daqiqasida mehmonlar futbolchisining qo‘liga o‘z jarima maydoni ichida to‘p tegadi. Ammo hakam bu vaziyat uchun penalti belgilamadi.

Mazkur bahsli holat bo‘yicha O‘zFHMdan rasmiy izoh berilmadi. Ushbu vaziyatni baholash uchun xorijlik tajribali mutaxassis bilan bog‘lanish zarur bo‘ldi. Natijada misrlik xalqaro darajadagi sobiq hakam Jihod G‘risha bahsli epizod bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.

Misrlik sobiq xalqaro toifadagi hakam Jihod G‘risha bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan epizodda bosh hakamning penalti belgilamaslik haqidagi qaroriga oydinlik kiritdi. U maydonda qabul qilingan qaror 100 foiz to‘g‘ri va futbol qoidalariga to‘liq mos bo‘lganini tasdiqladi.

G‘risha Afrika va Misr hakamligi tarixidagi eng taniqli arbitrlaridan biri hisoblanadi. U xalqaro miqyosdagi faoliyati davomida 2014 yilgi FIFA jahon chempionatida ishtirok etgan.

Shuningdek, 2016 yilda dunyoning eng kuchli 22 nafar hakami qatoriga kiritilgan va Afrika qit’asidagi bir qator nufuzli musobaqalarning muhim uchrashuvlarini boshqargan.

Eksklyuziv bayonotida G‘risha mazkur vaziyatda to‘p himoyachining qo‘liga tekkanini tan olgan, biroq bu holat qoidabuzarlik sifatida baholanmasligi va penalti belgilanishiga asos bo‘lmasligini ta’kidlagan. Xalqaro hakamlik eksperti vaziyatni quyidagicha izohlagan:

«Bu epizodda haqiqatan ham to‘p qo‘lga tekkan. Biroq to‘p avval himoyachining o‘z oyog‘idan qaytib, qo‘liga kelib tekkan. Bundan tashqari, to‘pning yo‘nalishi va tezligi kutilmaganda o‘zgargan».

G‘risha so‘zlarida davom etgan:

«To‘pning futbolchining o‘z oyog‘idan qaytishi natijasida yo‘nalishi va tezligi keskin o‘zgargani ushbu holatni kutilmagan to‘p sifatida baholashga asos bo‘ladi. Bunday vaziyatlarda futbol qoidalariga ko‘ra, himoyachi qasddan qo‘l bilan o‘ynamagani va to‘pning qo‘liga tegishining oldini olish imkoniyati bo‘lmagani sababli jazolanmaydi».

Jahon chempionatida ishlagan sobiq hakam o‘z fikrlarini yakunlar ekan, maydondagi arbitrning qarori mutlaqo to‘g‘ri bo‘lganini yana bir bor ta’kidlagan:

«To‘g‘ri qaror — o‘yinni davom ettirish va hech qanday qoidabuzarlik qayd etmaslik edi. Hakamning qarori mutlaqo to‘g‘ri bo‘lgan».

Bugungi yangiliklar