«Real» klubi va Angliya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jud Bellinghem mashhurlikka munosabati hamda futbolchining jamiyat oldidagi mas’uliyati haqida gapirdi.
«Menimcha, muxlislar ba’zan futbolchilarni haddan tashqari ulug‘lab, ularni butga aylantirishadi. Ammo hech qachon menga bunday munosabatda bo‘lishlarini istamaganman. Avvalo, meni inson sifatida ko‘rishlarini xohlayman. Do‘stlarim va oilam bilan vaqt o‘tkazish, qahva ichish, sayr qilish menga yoqadi.
Odamlar seni doim tanib qolishadi, ammo bu ma’lum ma’noda xavfsizlikni ham ta’minlaydi. Chunki atrofingda olomon to‘planib, seni bezovta qilmaydi. Kimdir sen bilan suratga tushsa, bu haqda uzoq vaqt gapirib yurishi mumkin, holbuki buning uchun atigi besh soniya vaqting ketadi.
Futbolga boshqalarga o‘rnak bo‘lish istagi bilan kelmaganman. Ammo mas’uliyat haqida gapiradigan bo‘lsak, men buni aynan shunday tushunaman. Bu mening ishim, buning uchun haq olaman. Shu bilan birga, futbol mening sevimli mashg‘ulotim ham.
Ko‘plab insonlar menga katta mablag‘ sarflashadi. Muxlislar o‘z jamoasiga juda sodiq va uni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p pul sarflashadi. Shuning uchun istaganingcha o‘zingni tutib, har safar futbolka kiyganingda shahar yoki mamlakat nomidan maydonga tushayotganingni unutib bo‘lmaydi. Chunki sen kimgadir ilhom berasan. Xohlaysanmi yoki yo‘qmi, keyingi avlod senga qarab o‘rnak oladi.
Men buni imtiyoz sifatida qabul qilishni afzal ko‘raman. Maydondan tashqarida doimo haqiqiy jentlmen bo‘lishni istashimni aytib kelganman», — dedi Bellinghem.
Ma’lumot uchun, Jud Bellinghem «Real» klubi va Angliya milliy jamoasining asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, yarimhimoyachi 2023 yil yozida Dortmundning «Borussiya» klubidan Madrid jamoasiga o‘tgan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi