«Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri jamoa darvozaboni Emiliano Martinesning kelajagi haqida fikr bildirdi.
«Martines bizga yangi chaqiriqni qabul qilishni xohlayotganini aytdi. Bu faqat hozirgi vaziyatga bog‘liq emas, u o‘tgan yili ham shunday istagini bildirgandi. Biroq u qolib, ajoyib futbol namoyish etdi», — dedi Emeri.
Shuningdek, ispaniyalik mutaxassis «Aston Villa» Zion Suzuki bilan shartnoma imzolaganida buni kelajak uchun emas, aynan hozir jamoani kuchaytirish maqsadida amalga oshirganini ta’kidladi. Uning fikricha, tarkibda yuqori darajadagi ikki nafar darvozabonning bo‘lishi yaxshi.
Eslatib o‘tamiz, Martinez 2020 yildan buyon «Aston Villa» safida to‘p tepmoqda. 33 yoshli argentinalik darvozabon o‘tgan mavsumda barcha turnirlarda 44 ta uchrashuvda maydonga tushib, 49 ta gol o‘tkazib yubordi va 14 ta bahsda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.