«Dinamo» yarimhimoyachisi Jahongir Abdusalomov mavsum yakuniga qadar jamoaga yordam bera olmaydi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Klub tibbiy bo‘limining ma’lum qilishicha, 27 yoshli futbolchi Zominda o‘tgan «So‘g‘diyona» - «Dinamo» (1:3) uchrashuvidan keyin kichik jarohati sababli jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.
Shu sababli Abdusalomov qariyb bir oyga safdan chiqqan. Bu esa jamoaning yetakchi yarimhimoyachilaridan biri Superliga doirasidagi so‘nggi uch o‘yin – «Bunyodkor», «Neftchi» va «Surxon»ga qarshi bahsda «Dinamo»ga yordam bera olmasligini bildiradi.
Eslatib o‘tamiz, Vadim Abramov jamoasi Superliga 28-turida o‘z maydonida «Bunyodkor»ga qarshi bellashadi. Hozirda samarqandliklar turnir jadvalida 9-o‘rinda bormoqda.