Superligada yuzaga kelgan tanaffusdan foydalangan «Dinamo» Samarqandda «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘rtoqlik bahsida maydonga tushdi.
«Afrosiyob arena» stadionida o‘tgan bellashuv murabbiylar kelishuviga binoan 35 daqiqadan iborat to‘rt bo‘lim davom etdi. Uch mingdan ortiq tomoshabin qarshisida kechgan bahsda Vadim Abramov shogirdlari 5:3 hisobida zafar quchdi. Murabbiylar ikkinchi bo‘limda yoshlar jamoasi futbolchilariga ham imkoniyat berishdi.
15-noyabr kuni o‘tkazilgan bahsda Abdug‘ofur Haydarov 8-daqiqada hisobni ochdi. Jamshid Boltaboyev 53-daqiqada muvozanatni tikladi, Filipp Ivanovich esa 70-daqiqada «So‘g‘diyona»ni oldinga olib chiqdi. Behruzbek Obloqulov 75-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Keyinchalik Samandar Mavlonqulov yana mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Biroq Tigran Avanesyan, Bahodir Nasimov va Shahriyor Umrzoqovning gollari «Dinamo»ga g‘alaba keltirdi.
Ma’lumot uchun, «Dinamo» Superliganing navbatdagi turida 22-noyabr kuni «Bunyodkor»ni qabul qiladi.
O‘rtoqlik o‘yini. 15-noyabr
Dinamo — So‘g‘diyona 5:3
Gollar: Haydarov 8, Obloqulov 75, Avanesyan 95 (pen.), Nasimov 115, Umrzoqov 120 — Boltaboyev 53, Ivanovich 70, Mavlonqulov 86.
Dinamo: Nemanov, Jumaboyev, Stanoyevich, Radayev, Seytveliyev, Jeparov, Hayderovich, Xudoyberdiyev, Dumbuya, Hojimirzayev, Haydarov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Yagudin, Mustafoyev, To‘xtasinov, Yo‘ldoshev, Qodirqulov, Abdurahmonov, O‘rmonjonov, Nasimov, Umrzoqov, Farmonov.