«Manchester Yunayted»ning sobiq yarimhimoyachisi Devid Bekhem «Arsenal» va «Atletiko» o'yinidagi bahsli vaziyatga baho berdi.
Madrid jamoasi YCHL yarimfinalida London klubiga magʻlub boʻldi (0:1, birinchi oʻyin – 1:1). 56-daqiqada mehmonlar hujumchisi Antuan Grizmann jarima maydoni ichida zarba berdi, ammo darvozabon David Rayya to'pni qaytardi. Mark Pubil qo'shimcha zarba berishga uringanida esa himoyachi Gabriel Magalyaes bilan to'qnashdi. Shundan so'ng, Grizmann yana to'pni nazoratga olishga harakat qildi, ammo Rikkardo Kalafiori uning oyog'ini bosdi. Ushbu epizodda bosh hakam Daniel Zibert Pubil tomonidan hujumda qoidabuzarlik bo'lgan, deb hisobladi.
Beckham&Friends shousida angliyalik sobiq futbolchi mezbonlar himoyachisi Gabrielga nisbatan qoidabuzarlik bo'lmaganini aytdi va shu sababli «Atletiko» penalti olishi kerak edi, deb hisobladi.
«Oh, xudo. Yo'q, bu fol emas. Bu fol emas. Aksincha, bu (Kalafiorining harakati) — fol! Ha! Gabrielga nisbatan fol bo'lmagandi», — dedi Bekhem.
Shou mehmoni, aktyor Tom Hiddlston esa Grizmannga nisbatan qoidabuzarlik birinchi o'yinda qayd etilmagan Eberechi Ezega qilingan fol bilan «bir xil» ekanini ta'kidladi.
Bekhem esa bunga javoban: «Yo'q, bunday o'ylamayman. Menimcha, Ezening vaziyati penalti emasdi. Himoyachi unga tegmagan, deb o'ylayman», — dedi.
