«Yuventus» hujumchisi Dushan Vlahovich vakillari orqali Madridning «Real» klubiga taklif qilindi.
Jurnalist Mateo Morettoning xabariga ko‘ra, 26 yoshli serbiyalik futbolchi nafaqat «Real», balki «Barselona» va «Atletiko»ga ham tavsiya etilgan.
Biroq manbaga ko‘ra, «qirollik klubi» bu variantga ehtiyotkorona yondashmoqda. Madridliklar joriy transfer oynasida yangi markaziy hujumchi xarid qilishni ustuvor vazifa sifatida ko‘rmayapti.
«Real» mavjud tarkibga ishonch bildirmoqchi. Jamoada Kilian Mbappe va ijaradan qaytadigan Endrik borligi sabab Vlahovich uchun tarkibda joy topilishi qiyin bo‘lishi mumkin.
O‘tgan mavsum Dushan Vlahovich «Yuventus» safida barcha musobaqalarda 23 ta uchrashuvda maydonga tushib, 10 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.