O‘zbekiston milliy jamoamizning jahon chempionatidagi ishtirokini barchamiz katta qiziqish bilan kuzatyapmiz, qo‘llab-quvvatlayapmiz. U yerga yo‘l olgan o‘yinchilar orasida «Andijon» a'zosi Azizbek Turg‘unboev bo‘lishi ham mumkin edi.
U bosh jamoamizning mundialga chiqishda saralash bahslaridagi o‘yinlari hamda gollari bilan katta hissa qo‘shganini barchamiz yaxshi bilamiz.
Tabiiyki, Turg‘unboevning ham orzusi jahon chempionatida yurtimiz sharafini himoya qilish edi. U bunga munosib bo‘lgan futbolchilardan biri! Ammo jarohat o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Endilikda Azizbek bilan kutilgan intervyu amalga oshirildi.
- Azizbek, ayni paytda «Andijon» bilan Minkda o‘tayotgan yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashyapsiz. E'tibor nimaga qaratilyapti, jamoani kayfiyati qanday?
- Belarussiyaga kelib yig‘inni boshlaganmiz. Yaxshi tayyorgarlik olib borilyapti. Asosan jismoniy holatimizni, o‘yin uslubimizni yanada yaxshilashga e'tibor qaratilgan. Oldimizga jiddiy vazifa qo‘yilgani uchun astoydil tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘zbekiston chempionatida va O‘zbekiston Kubogida ham ijobiy natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz. Mashg‘ulotlar ikki mahaldan davom etyapti. O‘rtoqlik o‘yinlari ham bor. Hamma futbolchilarni kayfiyati a'lo darajada. Mashg‘ulotlar ham qiziqarli o‘tyapti. Har kuni har xil uslublarda ishlayapmiz, bir xillik, zerikish yo‘q, shu bois hammada kayfiyat zo‘r!
- Bu yilgi mavsumda faoliyatingizda yangi sahifa ochildi. «Paxtakor»dan «Andijon»ga ko‘chib o‘tganingizda muxlislar juda iliq qarshi olishgan. Boshida jarohatlar sizni qiynab qo‘ydi, keyin esa sport formangizni tiklab asosiy tarkibdan joy oldingiz. Ayting-chi, o‘sha payt bilan hozirgi paytdagi holatingizni taqqoslay olasizmi?
- Birinchi kelganimda chempionatga oz fursat qolganda jarohat olib qoldim. Sog‘ayib, yana formaga kirish qiyin bo‘ldi. Buning ustiga chempionat boshlanib qoldi. Shu bois boshida biroz qiynaldim. Keyinchalik jamoa do‘stlarim yordami va muxlislarimizni qo‘llab-quvvatlashi bilan asta-sekin sport forma kirib bordim. Xudoga shukur, hozirga kelib jarohatlar ortda qoldi. Mavsummi ikkinchi yarmida yanada yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, ijobiy natijalar qayd etib, ishqibozlarimizni yana xursand qilishga harakat qilamiz.
- Garchi «Andijon» chempionatni g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa-da, keyin omadsiz o‘yinlar bo‘ldi. So‘ngra murabbiy almashgach, o‘yin ham, natijalar ham o‘zgardi. Bu haqida nima deya olasiz?
- Ha, chempionatni g‘alaba bilan boshladik. Qolgan turlarda omad yetishmadi. Ko‘p vaziyatlar yaratgan bo‘lsak ham darvozaga gollar kirmadi. Omad kelmasa qiyin ekan. Shuning uchun 5-6 turda qiyinchiliklar bo‘ldi. Uyda belashuvlarda ham kerakli ochkolarni yo‘qotdik. Keyin yangi murabbiy tayinlandi. Islom aka Ahmedov qo‘l ostida o‘ynab kelayotgan bo‘lsak, deyarli hammasida g‘alaba qozonib kelyapmiz. O‘yin uslubi va taktika o‘zgardi. Shuni hisobiga boshidagi o‘yinlarga nisbatan muxlislarga yoqadigan o‘yinlar ko‘rsatyapmiz, deb o‘ylayman.
- Mundial sababli chempionatimizda tanaffus e'lon qilingan. Qizig‘i, birinchi davra bilan ikkinchi davra bahslari ulanib ketadi. Birinchi davra tugashiga yana 4 tur bor. Bundan keyin mana shunday tanaffus bo‘lmaydi. Futbolchi sifatida bu holatga birinchi bor duch kelyapsiz. Bu noqulaylik tug‘dirmaydimi?
- To‘g‘ri, ikkinchi davra o‘yinlari orasi yaqin, ko‘p uchrashuvlar bor. Shuni hisobiga charchoq holatlari bilinishi tabiiy. O‘rtada Kubok belashuvlari ham bor. Shuning hisobiga yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rib, chempionat davomida ortiqcha qiynalmaslik uchun hozirgi paytda asosiy e'tibor jismoniy holatimizni yaxshilashga qaratilgan. Bundan tashqari, jamoamizda ikkita bir xil tarkib shakllanib boryapti. Murabbiylar tomonidan barcha o‘yinchilarga o‘yin amaliyoti va imkoniyat berib boryapti. Bemalol sog‘lom raqobat boryapti. Shuning hisobiga ikkinchi davrada qiynalmaymiz. Kimdir tarkibdan chiqsa, o‘rnini to‘ldiradigan o‘yinchilar mavjud. Mavsumning ikkinchi qismida yanada bor kuchimizni berib, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarmoqchimiz.
- Siz bilan Minskda suhbatlashib o‘tiribmiz. Lekin, agar nasib bo‘lganida siz hozir bu yerda emas, milliy jamoa bilan jahon chempionatida bo‘lishingiz mumkin edi. Tarkibga chaqirilmaganingiz tufayli barchada nega Turg‘unboev yo‘q, degan savollar bo‘ldi. Shu paytgacha sukut saqladingiz. Endi fursati keldi va bu holatga qanday izoh berasiz?
- Jarohatim tufayli sport formasida bo‘la olmadim. Menimcha, shu sababli jahon chempionatini o‘tkazib yubordim. Nasib ekan, nima deysiz?! Albatta, boshlangunicha formaga kirib olish uchun rosa harakat qildim. Tanlov murabbiyniki, uni qarori va buni hurmat qilamiz. Xudo xohlasa, keyingi mundialga nasib bo‘lib qolsa, balki borarmiz. Milliy jamoa yig‘ini boshlangunicha sport formasiga kirishga harakat qildim. Biroq vaqt kam edi. Shuni hisobiga ulgurmadim.
- Milliy jamoamizni o‘yinlarini kuzatib boryapsiz. Qanday fikrdasiz?
- Menimcha, jamoamiz yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. Chunki birinchi qatnashishi. Doim debyut ishtirokda muammolar, hayajon, bosim bo‘ladi. Lekin raqiblar bizni osonlikcha yutgani yo‘q. Yigitlar ham borini berib harakat qilishyapti. Boshlanishiga yomon emas. Qolgan jamoalar ham O‘zbekistonning o‘yiniga qiziqish bildirishyapti, ko‘rishyapti. Bizning milliy jamoamizni his qilishyapti.
- Saralash bahslaridagi ajoyib o‘yinlaringiz va gollaringiz bilan O‘zbekistonni mundialga chiqishiga o‘z hissangizni qo‘shdingiz. Lekin hozirga kelib, mundial o‘yinlarini televizor orqali ko‘rish sizga og‘ir bo‘lmayaptimi?
- Albatta, bunday paytda har bir odam uchun borsam, o‘ynasam bo‘lardi, degan holat ichida qolib ketadi. Baribir harakat qilib-qilib, yakunda qolib ketsangiz alam qilarkan. Mayli, nasib, Xudoni aytgani bo‘ladi.
- Fabio Kannavaro ketishdan avval matbuot anjumanida siz haqingizdagi savolga javob berar ekan, o‘zingiz bilan gaplashgani, shuningdek, u men istagan o‘yinni hali ko‘rsata olmayapti, deya gapirgandi. U bilan munosabatingiz qanday bo‘lgandi?
- Ketishdan oldin ikkita yig‘in bo‘ldi. Dastlabki yig‘inga jalb etmaganida telefon orqali gaplashdik. U menga, holatingni ko‘ryapman, jarohatdan chiqding, hozir formda emassan, keyingi yig‘ingacha tayyorlan, chaqiraman, deb aytgandi. Tarjimon orqali gaplashdik. Men ham harakat qildim, ishladim. Oxirgi yig‘in boshlandi, chaqirilmadim. Shu bilan aloqaga chiqmadi, gaplashmadik. Bu murabbiyning ishi, uning qarorini hurmat qilaman, ishiga aralashmayman.
- Jahon chempionatiga olib ketilgan 30 talik ro‘yxat e'lon qilinganda turli fikrlar bildirildi. Chiziqlar bo‘yicha muammo paydo bo‘lganda baribir Turg‘unboevni olib ketsa bo‘lardi, degan gap-so‘zlar ham bo‘ldi…
- Murabbiy o‘zi ishongan 30 talik futbolchini olib ketdi. O‘zi ham u yoqda jarohatlar bo‘lishini bilmagan. Aynan jarohatlar ko‘payib ketishini nazarda tutmagan bo‘lsa kerak-da. Shuni hisobiga u yerda pozitsiyalar bo‘yicha biroz qiyinchilik bo‘ldi.
- «Andijon» bilan mashg‘ulotlarda faol ishtirok etyapsiz. Ko‘rinib turibdiki, kayfiyatingiz, ishtiyoqingiz ham juda yaxshi. O‘zingizni yana ruhiy tomondan qanday tayyorlab boryapsiz?
- Jahon chempionatidan keyin Osiyo Kubogi bor. Ikkinchi davrada yanada yaxshi formaga kirib, o‘zimni ko‘rsatib, yana milliy jamoaga qo‘shilib, Osiyo Kubogida yordam berish niyatim bor. Orzuim jahon chempionatida qatnashish edi-da. Bungacha qolgan barcha o‘yinlarda o‘ynagandim. Mundial qolgan edi va u yerga borib, tempini his qilib kelganimdan so‘ng futbolni tugatish holatiga ham kelib qolardim (kuladi). Aytmoqchimanki, men oldimga qo‘ygan hamma maqsadimga erishim, Xudoga shukur. Faqat birgina mundial armonim bo‘lib qoldi.
- Agar taqdiringizga yozilgan bo‘lsa, keyingisiga borasiz…
- Ha, shunday. Taqdirimga yozilgan bo‘lsa, keyingi munidiaga borarman.
- Andijonlik muxlislar ham sizni bosh jamoamizga chaqirilishingiz uchun o‘yinlarda alohida performanslar tayyorlashdi. Jamoa ishqibozlari sizning faoliyatingizda qanday o‘rin tutishmoqda?
- Boshqa klubda o‘ynab yurganimdayoq «Andijon»ning muxlislari juda talabchan va yaxshi ko‘rgan o‘yinchilarini yuqori darajada qo‘llab-quvvatlashlarini bilardim. Bu yerga kelganimdan keyin shu holatni yana bir bor his qildim. Chunki har bir uchrashuvda 13-15 ming muxlis bizni qo‘llab-quvvatlashadi. Ularni olqishlashi albatta bizga kerak. Bunday fanatlarni oldida futbol o‘ynash baribir boshqacha. Ularni shunchalik mehrini qozonibmiz, alohida performanslar tayyorlashdi. Muxlislarga katta rahmat aytaman. Yaxshi o‘yinlar bilan ishqibozlarni xursand qilishga harakat qilamiz.
- «Andijon»dagi infrastruktura, klub bazasi, sharoitlar qanday ekan? Oldin qanday tasavvur qilgandingiz?
- Menimcha, O‘zbekistonda bunday baza bo‘lmasa kerak. Ko‘p klublarda bunday infrastruktura, baza, sharoit yo‘q. Chunki bazamizda ikkita katta maydon, tiklanish uchun maxsus basseyn va saunalar, trenajyor zali, futbolchilarni dam olish uchun alohida xona, xullas hamma narsa bor. «Andijon» klubi infrastrukturasini ancha rivojlanib, top darajaga chiqqan. Bu jamoaga kelib afsus qilmadim. Bu yerda hammasi top!
- Oldinda mavsumni muhim qismi turibdi. Hali hech nima yo‘qotilgani yo‘q. Chempionatda intriga ham kuchli. Mavsum oxirigacha «Andijon»ni imkoniyatini qanday baholayapsiz?
- 7-8-o‘ringacha jamoalarning ochkolari yaqin. Yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, g‘alabalar qozonsak oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olamiz. Chunki o‘yinlar orasi yaqin. Agar jamoalar jismonan tayyor bo‘lishmasa charchashadi. Ikkinchi davraga kim to‘liq tayyor bo‘lsa, o‘sha jamoa birinchi o‘rinni oladi. Muxlislar bizni qo‘llab-quvvatlanglar, sizlar uchun yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishda davom etamiz!