Angliya milliy jamoasi va «Bavariya» klubi hujumchisi Harri Keyn mavsum davomida klub va milliy jamoa safida urilgan gollar bo‘yicha Portugaliya milliy jamoasi va «An Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronalduning shaxsiy rekordini ortda qoldirdi.
2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichi doirasidagi Panama darvozasiga (0:2) kiritilgan to‘p «uch sherlar» sardori uchun 2025/2026-yilgi mavsumdagi 70-gol bo‘ldi. Ronaldu 2011/2012-yilgi mavsumda Madridning «Real» klubi va Portugaliya milliy jamoasi safida 69 ta gol urgandi.
XXI asrda mavsumdagi gollar bo‘yicha rekord «Barselona»ning sobiq va Argentina milliy jamoasining sardori Lionel Messiga tegishli bo‘lib, u 2011/2012-yilgi mavsumda 82 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Ma’lumot uchun, Keyn Panama darvozasini bahsning 67-daqiqasida ishg‘ol qildi.