«Bavariya» bosh murabbiyi Vensan Kompani Dortmundning «Borussiya»siga qarshi bahsga tayyorgarlik jarayonida ishtirok etmayapti. Myunxen klubi mutaxassis shifoxonada davolangandan keyin tiklanayotgan davrda uni jamoa ishlariga jalb qilmaslikka qaror qilgan.
Kompani yordamchisi Aaron Danks murabbiy bilan futbol mavzusida suhbatlashish ham taqiqlanganini aytdi.
«Biz u bilan futbol haqida gaplashmayapmiz. Bu borada bizga aniq ko‘rsatma berilgan. U tiklanishi va oilasi bilan vaqt o‘tkazishi kerak. Sog‘ayib, ishga to‘liq qayta olishi uchun uni jamoa ishlariga jalb qilmayapmiz», — dedi Danks.
Ma’lumot uchun, 23-oktyabr kuni Kompani «Bavariya»ning ikkinchi jamoasi mashg‘uloti vaqtida hushini yo‘qotib, shifoxonaga olib ketilgan edi. Keyinchalik 40 yoshli mutaxassisda miya pardalarining ta’sirlanishi tashxisi qo‘yilgan.
28-oktyabr kuni belgiyalik murabbiy shifoxonadan chiqarildi. Hozirda u uyida tiklanmoqda. Shifokorlar unga dam olish va dori-darmonlarni qabul qilishni tavsiya etgan.
Eslatib o‘tamiz, Kompani yo‘qligida jamoani uning yordamchisi Aaron Danks boshqarmoqda. U Bundesliganing 8-turi doirasida bugun Dortmundning «Borussiya»siga qarshi kechadigan bahsda ham bosh murabbiy vazifasini bajaradi.