Bugun
11
O'zbek

«Barselona» Alvares transferi bo‘yicha yangi qadam tashladi

Futbol
4 avgust, 23:45
Sport direktori Deku futbolchi agenti bilan muzokara o‘tkazish uchun Madridga yo‘l oldi.
«Barselona» Alvares transferi bo‘yicha yangi qadam tashladi
Foto: Getty Images

«Barselona» hujumchi Xulian Alvares transferidan voz kechgani yo‘q va muzokaralarni davom ettirish uchun navbatdagi qadamni tashladi.

COPE nashri xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar sport direktori Deku hamda uning yordamchisi Joau Amaral Madridga borib, 26 yoshli argentinalik futbolchining agenti Fernando Idalgo bilan uchrashuv o‘tkazadi. Tomonlar transferni amalga oshirish rejasini muhokama qilishi kutilmoqda.

Manbaga ko‘ra, Alvares hozir Jahon chempionatidan keyingi ta’tilini Ibisada o‘tkazmoqda va 10 avgust kuni «Atletiko» mashg‘ulotlariga qaytishi kerak. Futbolchi vakillari uning klubini o‘zgartirishni istayotganini tasdiqlagan.

Agentlarning ta’kidlashicha, Alvares faqat «Barselona»ga o‘tishni va yangi mavsumda Hans-Diter Flik qo‘l ostida o‘ynashni xohlamoqda.

«Barselona» hujumchi uchun avval taklif qilgan 100 million yevrolik taklifini o‘z kuchida qoldirgan. Futbolchining qat’iy pozitsiyasi Dekuning Madridga borishiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Biroq «Atletiko» rahbariyati transferni muhokama qilish niyatida emas. Klub bosh direktori Migel Anxel Xil Alvares «200 million yevroga ham sotilmasligini» ma’lum qilgan.

Shuningdek, avvalroq «Atletiko» «Barselona»ning futbolchi bilan bog‘liq harakatlari yuzasidan Ispaniya futbol federatsiyasiga (RFEF) shikoyat qilgan va ushbu holat bo‘yicha tekshiruv boshlangan.

Ma’lumot uchun, Xulian Alvares 2025/26 yilgi mavsumda barcha musobaqalarda 49 ta uchrashuvda maydonga tushib, 20 ta gol va 9 ta assist qayd etdi. Transfermarkt portali uni 120 million yevroga baholamoqda. Uning «Atletiko» bilan shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar amal qiladi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Barselona Barselona
  • Atletico Madrileno Atletico Madrileno
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

10+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar