«Real» bosh murabbiyi Joze Mourinyo Jahon chempionati yakunlanganidan so‘ng Vinisius Junior bilan shaxsan bog‘lanib, uning jamoadagi o‘rni haqida gaplashgan.
El Larguero xabariga ko‘ra, portugaliyalik mutaxassis braziliyalik hujumchiga yangi loyihada muhim rol berilishini aytgan.
Manbaga ko‘ra, Mourinyo va Vinisius o‘rtasidagi munosabatlar juda yaxshi bo‘lib, murabbiy futbolchini jamoaning asosiy yetakchilaridan biri sifatida ko‘rmoqda.
Avvalroq OAV Mourinyo Vinisiusning «Arsenal»ga transferiga qarshi emasligi haqida xabar bergan edi. Biroq yangi ma’lumotlar bu taxminlarga zid bo‘lib, portugaliyalik mutaxassis futbolchini o‘z rejalarining muhim qismi sifatida ko‘rayotganini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot uchun, 26 yoshli Vinisius hali ham «Real» bilan yangi shartnoma borasida kelishuvga erishmagan. Uning amaldagi bitimi 2027 yilning yoziga qadar amal qiladi.