Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Zinedin Zidan o‘z qo‘l ostidagi jamoaning o‘yin uslubi haqida fikr bildirdi.
Mutaxassisning aytishicha, uning futbol falsafasini bir necha so‘z bilan tushuntirib bo‘lmaydi va bu uslubni muxlislar yaqin orada maydonda ko‘rishadi.
«Yaqin orada mening uslubimni ko‘rasiz. Sentyabr oyida matbuot anjumani o‘tkazamiz. Men uchun futbolning eng muhim jihati — gol urish. Men 25 yil Ispaniyada yashadim va bu nimani anglatishini yaxshi bilasiz. Maydonda yetakchi edim, endi esa murabbiy sifatida tajribam bilan yetakchilik qilaman», — dedi Zidan.
Fransiyalik mutaxassis, shuningdek, jamoa uning boshqaruvida avvalgi davrdan farqli uslubda ishlashini ta’kidladi.
«Biz boshqacha ishlaymiz. Desham — bu Desham, Blan — bu Blan, Zidan esa Zidan. Men o‘zim eng yaxshi biladigan ishni qilaman. Fransiya milliy jamoasi g‘alaba qozonishda davom etishini istayman», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, Zinedin Zidan 28 iyul kuni Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi etib rasman tayinlandi.