«Yuventus» kelasi yil davomida jamoa tarkibini keng ko‘lamda qayta qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Tuttosport xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, darvozabonlar orasida turinliklar «Liverpul» vakili Alisson Bekkerga qiziqish bildirmoqda. Braziliyalik futbolchining ingliz klubi bilan shartnomasi 2027-yil yozida yakuniga yetadi.
Himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun «Udineze» himoyachisi Umar Sole, «Leypsig» futbolchisi David Raum va «Kristal Pelas» vakili Tayrik Mitchell nomzodlari ko‘rib chiqilmoqda. «Yuventus» bir nechta pozitsiyalarni kuchaytirish orqali tarkibni yangilamoqchi.
Yarimhimoya uchun esa «Napoli» futbolchisi Stanislav Lobotka asosiy nomzodlardan biri sifatida qayd etilgan. Bosh murabbiy Luchano Spalletti slovakiyalik yarimhimoyachini jamoaga olib kelishni istamoqda. Shuningdek, «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Mateo Kovachichning transferi ham ehtimoliy variant sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Hujum chizig‘ida Madridning «Real» klubidan Brayam Diasga qiziqish bor. Bundan tashqari, «Kristal Pelas» hujumchisi Jan-Filip Mateta ham Turin klubi radarida qolmoqda. «Yuventus» yozgi transfer oynasida futbolchining jismoniy holati sabab uning transferidan voz kechgandi.
Manbaga ko‘ra, Mateta qishda boshqa klublar bilan dastlabki kelishuvlarni imzolash huquqiga ega bo‘ladi. Shu sababli fransiyalik hujumchining transferi bo‘yicha vaziyat qishda o‘zgarishi mumkin.