«Yuventus» futbolchisi Kenan Yildiz Yevropaning grand klublari e’tibor markazida qolmoqda.
Turkiyalik vinger shu yilning fevral oyida «Yuventus» bilan shartnomasini 2030 yilgacha uzaytirgandi. Shunga qaramay, uning ehtimoliy transferi haqidagi gap-so‘zlar tinmayapti.
Jurnalist Ekrem Konurning xabar berishicha, «Bavariya», «Arsenal» va «Real» Yildizni transfer maqsadlaridan biri sifatida belgilagan. Uchala klub ham 2027 yil yozida futbolchi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
«Yuventus» esa 21 yoshli futbolchini sotishni rejalashtirmayapti. Bungacha «zebralar» Kenanni 100 million yevroga baholayotgani haqida xabar berilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Yildiz «Yuventus» safida 132 ta uchrashuvda maydonga tushib, 27 gol urgan va 21 assist amalga oshirgan. Uning Transfermarkt portalidagi transfer narxi 75 million yevroni tashkil qiladi.